13:22 / 06.05.2020
8368
«Biz murakkab qaror qabul qildik»: Durov jamoasi amerikalik investorlarga pulni qaytarishning yagona yo‘li haqida aytdi

Telegram jamoasining yangi taklifiga ko‘ra, amerikalik sarmoyadorlar Gram tokenlarini sotib olishga sarflangan mablag‘larning 72 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorini qaytarib olishi mumkin. Kompaniya, avvalgidek, boshqa investorlarga pullarning 110 foizini qaytarishni taklif qilishga tayyor, ammo u kriptovalutada bo‘lmaydi.

Pavel Durov / Foto: Albert Gea/Reuters

Telegram jamoasi Telegram Open Network (TON) blokcheyn platformasini rivojlantirish va Gram kriptovalutasini chiqarishga mablag‘ sarflagan amerikalik investorlarga mablag‘larni qaytarish shartlarini e'lon qildi. Bu haqda 4 may kuni sarmoyadorlarga yuborilgan Telegram xatida aytilgan.

Hujjatda bildirilishicha, AQSh rezidentlari dastlabki investitsiyalarning 72 foizini qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Telegram jamoasining sarmoyadorlarga yo‘llagan xati haqida The Bell nashri ham xabar qilgan. Forbes Telegram’ning o‘ziga so‘rov yubordi.

Aprel oyi oxirida, Telegram’ning AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi bilan sudi jarayoni fonida, aka-uka Pavel va Nikolay Durovlar yana TON loyihasini kechiktirdi va 30 aprelga rejalashtirilgan Gram kriptovalutasi emissiyasini qoldirdi. Telegram investorlarga tanlov taklif qildi: 2018 yilda loyihaga kiritilgan mablag‘larning 72 foizini olish yoki yangi bitim tuzish va unga kiritilgan investitsiyalarning 110 foizini 2021 yilgacha kutish. Ushbu sanaga qadar Durov jamoasi AQSh rasmiylaridan tokenlar chiqarishga ruxsat olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 29 aprel kuni sarmoyadorlarga yo‘llangan maktubda ma'lum qilindi. Pulni Gram’da yoki boshqa kriptovalutada qaytarish mumkin bo‘lgan.

Telegram jamoasi rasmiylar va huquqshunoslar bilan qo‘shimcha maslahatlashuvlardan so‘ng amerikalik investorlarni tanlovsiz qoldirishga qaror qildi. «Afsuski, mas'ul idoralar va advokatlarimiz bilan o‘tkazilgan muhokamalar natijalariga ko‘ra, Gram yoki boshqa kriptovaluta bilan bog‘liq variantni, tartibga soluvchilarning unga nisbatan noaniq munosabati tufayli ishlatmaslik haqida qaror qabul qildik. Ammo, hozirda muqobil kredit bitimi tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz. Ushbu taklif faqatgina AQShdan tashqarida bo‘lgan shaxslar uchun bo‘ladi», - deyiladi maktubda. 

Shu tariqa, amerikalik sarmoyadorlar yo‘naltirilgan mablag‘larning faqat 72 foizini yiliga 110 foiz olish imkoniyatiga ega bo‘lmasdan olishlari mumkin. TON'ning qolgan sarmoyadorlari shunga o‘xshash bitimni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lishadi, ammo pul ularga kriptovalutalar orqali to‘lanmaydi.

Gram tokenlarini 175 investor olishi kerak edi. Telegram 2018 yilda 1,7 milliard dollar jalb qildi. Amerikaliklar TON’ga investitsiyalarning katta qismini ta'minlab berishdi: 39 kishidan 424,5 million dollar olindi, 2,9 milliarddan 1 milliarddan ortiq Gram tokenlari amerikalik investorlarga sotildi. 

Top