08:17 / 06.05.2020
4511

O‘zbekiston va Xitoy TIV rahbarlari telefon orqali muloqot qildi 

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Van I va Abdulaziz Komilov

2020 yilning 5 may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Xitoy Davlat kengashi a'zosi, tashqi ishlar vaziri Van I bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

TIV xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida tashqi siyosat idoralari rahbarlari ko‘p tomonlama O‘zbekiston-Xitoy strategik sherikligini yanada mustahkamlashning muhimligini qayd etdilar.

Oliy va yuqori darajadagi tadbirlarning jadvali va kun tartibi muhokama qilindi.

Epidemiologik holatning yaxshilanishi bilan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini, Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining sohaviy kichik qo‘mitalari yig‘ilishlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Karantin cheklovlari sharoitida ikki tomonlama aloqalarning dolzarb jabhalarini muhokama qilish uchun hamkorlikning yangi formatlaridan faol foydalanishga kelishib olindi.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

TIV rahbarlari Afg‘onistonda tinchlik muzokaralar jarayonini boshlashga ko‘maklashish mexanizmlarini ham alohida ko‘rib chiqdilar.

BMT, ShHT va boshqa xalqaro strukturalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi, deyiladi ma'lumotda. 

Top