18:26 / 06.05.2020
7838
O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlarning qon zardobi orqali bemorlarni davolash usuli qo‘llab ko‘rildi

O‘zbekistonda ham koronavirusdan sog‘ayganlarning qon zardobidan virus yuqtirgan boshqa bemorlarni davolashda foydalanish usuli Virusologiya instituti klinikasida ikki nafar bemorda qo‘llab ko‘rildi, lekin uning samarasi to‘g‘risida gapirishga hali erta.

6 may kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Habibulla Oqilov qon zardobi orqali bemorlarni davolash to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Chet davlatlarda koronavirusdan tuzalgan bemorlarning qonidan olingan zardobdan davolash usuli sifatida foydalanish o‘rganib chiqilmoqda. O‘zbekistonlik shifokorlar ham bugungi kunda bu usulni qo‘llashga tayyor. Zardoblar ham olingan», deya ta'kidlagan Habibullo Oqilov.

Uning qayd etishicha, qon plazmasi orqali davolash usuli bemor o‘ta og‘ir holatda bo‘lganda yoki unga boshqa barcha davolash usullari yordam bermagan holatlarda asosiy ko‘rsatma sanaladi. Shu bilan birga, bu davolash usulida donor bilan retsipiyent qon guruhi va rezus bo‘yicha ham bir-biriga mos kelishi lozim.

«O‘zbekistonda ham koronavirusdan sog‘ayganlarning qon zardobidan virus yuqtirgan boshqa bemorlarni davolashda foydalanish usuli Virusologiya instituti klinikasida ikki nafar bemorda qo‘llab ko‘rildi, lekin uning samarasi to‘g‘risida gapirishga hali erta»,dedi Habibullo Oqilov onlayn brifingda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyining birinchi yarmida O‘zbekistonda koronavirus bemorlarini davolash uchun sog‘ayib ketganlarning qon zardobidan antitela maqsadida foydalanilishi yo‘lga qo‘yilishi haqida ma'lumot berilgan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top