00:21 / 06.05.2020
9919

Tramp jangarilarning Venesuelaga bostirib kirishga urinishiga AQShning aloqasi yo‘qligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Trampning ta'kidlashicha, Vashingtonning Venesuelaga xorijiy kuchlarning bostirib kirishga urinishi bilan bog‘liq oxirgi voqealarga hech qanday aloqasi yo‘q.

Foto: REUTERS/Kevin Lamarque

Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda AQSh rahbariyati Venesueladagi voqealarga aloqasi yo‘qligini aytgan. “Men hozirgina bu haqida ma'lumot oldim. Hukumatimizning bunga hech qanday aloqasi yo‘q. Biz buni aniqlaymiz”, deb aytgan Oq uy rahbari.

Venesuelada 3 may kuni Kolumbiya tomondan bir guruh jangarilarning bostirib kirishga urinishi bartaraf etilgandi. Hujum vaqtida 8 jangari yo‘q qilingan, bir nechtasi qo‘lga olingan. 

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qo‘lga olingan 13 kishi orasida 2 amerikalik borligini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, bostirib kirishga urinish Vashington bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan. Hujumdan maqsad Venesuelaga dengiz tomondan bostirib kirib, qonuniy hokimiyatni ag‘darish bo‘lgan.

Maduro davlat televideniyesi orqali chiqishida yollanma jangarilar yonidan giyohvand moddalar, dollarlar, qurol, sun'iy yo‘ldosh telefonlari, radioqabulqilgichlar, tungi ko‘rish moslamalari topilganini ma'lum qilgan. U qo‘lga olinganlardan birining bergan ko‘rsatmalariga asoslanib, jangarilar guruhida go‘yoki Trampning shaxsiy qo‘riqlash xizmatining ikki xodimi bo‘lganini ma'lum qilgan.

Ta'kidlanishicha, so‘roq vaqtida jangarilar Maduroni hokimiyatdan chetlatish uchun AQSh va Kolumbiya buyurtmasi bo‘yicha harakat qilishganini tan olgan.

Biroq AQSh va Kolumbiyada bu ayblovlar rad etilmoqda. 

Maduro Tramp AQShda koronavirus olib kelgan “gumanitar fojia”dan jamoatchilik e'tiborini chalg‘itish uchun “pandemiya vaqtini terakt sodir etishda qo‘llashga qaror qilganini” aytgan.  

Venesuelaga bostirib kirish operatsiyasini o‘tkazish uchun javobgarlikni maxsus kuchlarning sobiq jangchisi, Floridadagi Silvercorp USA qo‘riqlash kompaniyasi rahbari Jordan Gudro o‘z zimmasiga olgan. U The Washington Post nashriga bergan intervyusida AQSh fuqarolari Ayran Berri va Lyuk Denman hamda Venesuelaning 6 fuqarosi 60 kishidan iborat guruh tarkibida bo‘lgani va qo‘lga olinganini tasdiqlagan. Shuningdek, operatsiyaning rahbarlaridan biri, Venesuela armiyasi sobiq kapitani Antonio Sekea ham qo‘lga olingan.

 

Top