09:45 / 06.05.2020
3362

Xalq demokratik partiyasi Sirdaryoga yordam jo‘natdi

Foto: Xalq demokratik partiyasi

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi suv omborida yuz bergan falokat oqibatida jabr ko‘rgan yurtdoshlarimizni ruhan qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega.

Prezidentimiz boshchiligida bu masalada tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xavfli hududdan evakuatsiya qilingan aholiga oziq-ovqat va boshqa eng muhim vositalar yetkazib berilmoqda. Ular tezroq uyiga qaytishi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilgan.

Qiynalganlarga har tomonlama madad bo‘lish, murakkab kunlarda yelka tutishga oshiqqan vatandoshlarimiz safi kundan-kun kengayayotgani ko‘ngilni ko‘taradi. Xalqimiz o‘rtasidagi hamjihatlik har qanday qiyinchiliklarni yonma-yon turib yengib o‘tishga asos bo‘ladi.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga muvofiq tarzda falokatdan jabr ko‘rgan sirdaryoliklarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratmoqda.

Senator, deputatlar va el-yurt hurmatini qozongan partiya faollaridan iborat ishchi guruhlar tuzilgan. Ular aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, ijtimoiy masalalarni o‘rganib, hol so‘rab, ruhiy madad berishmoqda. Mahalliy Kengash deputatlari falokat oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda faol ishtirok etishmoqda.

Masalan, S.Muhammadiyev o‘zi rahbarlik qilayotgan Guliston olimpiya zaxiralari kolleji yotoqxonasida 50 ta oila uchun yotoq joylarini tashkil etib, ularning yashash sharoitidan xabardor bo‘lib turibdi. O‘zbekiston XDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi o‘rinbosari B.Eshmirzayev talafotdan aziyat chekkan oila vakillarini o‘z uyiga joylashtirgan bo‘lsa, J.Allayarova, N.Ermatova 10 ta oilani homiylikka oldi.

Partiyamizning Oqoltin tumani faollari G‘.Ahmedov, R.Ahmedov, E.Boboyev, X.Buriyeva, D.Bahromovlar evakuatsiya qilingan 15 ta oilani homiylikka olib, kundalik zarur mahsulotlar yetkazib beryapti. G.Boymirzayeva F.Suvanov xonadoniga keltirilgan 36 nafar yurtdoshimizni oziq-ovqat va gigenik vositalar bilan ta'minlayapti.

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi qiyin vaziyatga tushib qolgan oilalar uchun ko‘rpa-yostiq, kiyim-kechak, ro‘zg‘or buyumlari va tozalash vositalari yetkazib berdi.

Deputatlar, mahalla raislari va faollar mahsulotlarni bevosita ehtiyojmand oilalarga tarqatib chiqdi.

Deputatlarimiz, partiyamiz faollari falokatdan zarar ko‘rgan oilalarni tizimli qo‘llab-quvvatlashni, ular bilan doimiy muloqotda bo‘lib, yuzaga kelgan ijtimoiy masalalarni mutasaddi tashkilotlar bilan birga qisqa vaqt ichida hal etib berishni niyat qilgan.

Xalq boshiga bunday sinovlar yuz yilda, ehtimol ming yilda bir marta kelar. Bir-birimizni e'zozlab, asrab-avaylasak, har qanday sinovdan yurug‘ yuz bilan chiqamiz.

Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati

Mavzuga oid
Top