16:30 / 07.05.2020
25411
«Bizni daryoga uloqtirishdi». Afg‘oniston Eronni afg‘onlarni qiynoqqa solishda ayblamoqda

Karantin choralari yumshatila boshlagach, afg‘onistonlik mehnat muhojirlari yana ommaviy tarzda Eronga qayta boshladi. Bundan bir necha kun avval chegarani kesib o‘tayotgan bir guruh afg‘onistonliklar Eron harbiylari tomonidan qo‘lga olingan, harbiylar ortga qaytib ketishlari uchun ularni daryoga uloqtirishgan.

Foto: Getty Images

Afg‘on nashrlarining yozishicha, muhojirlar mamlakat g‘arbidagi Hirot viloyatidan qo‘shni davlatga noqonuniy kirishga uringan paytda Eron chegarachilari tomonidan qo‘lga olingan. Ma'lumotlarga ko‘ra, harbiylar chegaradan noqonuniy o‘tishga uringan afg‘onistonliklarni kaltaklab, so‘ng daryoga uloqtirib yuborgan. Oqibatda muhojirlarning ayrimlari halok bo‘lgan.

Eron rasmiylari bu ayblovlarni rad etmoqda. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vakili voqea Eronda emas, Afg‘oniston hududida bo‘lganini aytmoqda. Eron chegara xizmati rasmiylari ham mamlakat chegarachilari voqeaga aloqador emasligini bildirgan.

Yetti muhojir bedarak yo‘qolgan

Muhojirlarni Gerirud daryosiga uloqtirishgani aytilmoqda / GETTY IMAGES

Eron chegara xizmati rasmiylari tomonidan chegarani buzib kirayotgan paytda necha nafar afg‘onistonlik qo‘lga olingani haqida ma'lumot berilmagan. Ular faqat chegarani buzib o‘tgan afg‘onistonlik muhojirlar bir necha o‘n nafar bo‘lganini aytmoqda. Muhojirlardan kamida yetti nafari bedarak yo‘qolgan. Ularni qidirish ishlari davom etmoqda. Qutqaruvchilar bedarak yo‘qolgan odamlarni daryodan qidirmoqda.

Afg‘oniston inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, mahalliy rasmiylar komissiyaga Eron xavfsizlik xizmati ish qidirib mamlakat chegarasini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan bir guruh afg‘on muhojirlarini hibsga olganini aytgan.

«Shundan so‘ng Eron chegarachilari qo‘lga olingan afg‘onistonliklarni ortga qaytishga majbur qilib, Geridud daryosiga uloqtirishgan (ushbu daryo har ikki davlat chegarasi bo‘ylab oqadi). Natijada bir necha kishi daryoning narigi sohiliga suzib o‘tgan, yana bir necha kishi cho‘kib ketgan», deyiladi Afg‘oniston inson huquqlari bo‘yicha komissiya xulosasida.

Hodisa joyida bo‘lgan va Eron chegarachilari daryoga uloqtirgandan so‘ng orqaga qaytib, daryoni suzib o‘tgan muhojirlardan biri Shir Og‘aning Reuters’ga ma'lum qilishicha, Eron chegarachilari muhojirlarni orqaga qaytarish uchun daryoga tushishga majburlar ekan, agar kim daryoga tushmasa, otib o‘ldirishlarini aytishgan.

Har kuni yuzlab afg‘onlar ish izlab Eron bilan chegarani kesib o‘tishadi / REUTERS

Afg‘onistonlik yana bir muhojir Shoh Valining so‘zlariga ko‘ra, eronliklar ularni avval kaltaklashgan, og‘ir ishlarni bajarishga majburlashgan. «Shundan so‘ng bizni mikroavtobusga o‘tqizib daryoga olib borishdi va suvga uloqtirishdi», deydi u.

Eronda 3 millionga yaqin qochqinlar va yollanma ishchilardan iborat afg‘onistonliklar yashaydi. Har kuni yuzlab afg‘onlar ish izlab Eronga o‘tishadi. Koronavirus tarqala boshlashi bilan Eronda bo‘lib turgan afg‘onistonliklar ommaviy tarzda o‘z uylariga qaytishga majbur bo‘lishdi.

Bugun Eronda koronavirus yuqtirganlar soni 100 mingdan oshgan. Koronavirus yuqtirgan ilk afg‘onistonlik ham Erondan kelgandi. Eron hukumati mamlakatda karantin choralarini yengilashtira boshlashi ortidan afg‘onistonliklar yana Eronga qayta boshlagan. Ularning aksariyati odatda Eron chegarasini noqonuniy tarzda kesib o‘tishga urinadi.

Afg‘oniston rasmiylari koronavirus sabab murakkab bo‘lib turgan vaziyatda Eron bilan diplomatik mojaro keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan chegaradagi hodisadan xavotirda ekanliklarini bildirishgan.

Hirot gubernatori tvitterdagi sahifasida Eron rasmiylariga qarata shunday degan: «Bizning odamlar shunchaki daryoga uloqtirish mumkin bo‘lgan buyumlar emas. Hali biz siz bilan hisob-kitob qiladigan vaqt ham keladi».

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top