17:15 / 07.05.2020
28073

Koronavirus: Buyuk Britaniya qayerda xatoga yo‘l qo‘ydi?

Dastlab zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rmagan va ijtimoiy immunitet strategiyasini qo‘llagan Buyuk Britaniya koronavirus tufayli vafot etganlar soni bo‘yicha Italiyadan ham o‘zib ketdi.

Foto: PA MEDIA

Buyuk Britaniyada koronavirus sabab o‘limlar soni keskin oshib ketishi va mamlakatning Yevropadagi eng ko‘p o‘lim holati qayd etilgan davlatga aylanishiga hukumat tomonidan ketma-ket yo‘l qo‘yilgan xatolar sabab bo‘ldi.

6 may kuni ushbu mamlakatda virus tufayli vafot etganlar soni 30 ming 76 kishiga yetdi. Ushbu qo‘rqinchli raqamlar Britaniyani o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi o‘ringa olib chiqdi.

Vaqt qo‘ldan boy berildi

Buyuk Britaniyani ushbu dahshatli nuqtaga sudrab kelgan xatolar zanjiri epidemiyaga qarshi kurashga hozirlik ko‘rish uchun vaqt mavjudligiga qaramay, hukumat uni bekorga sarflagani tufayli yuzaga keldi. Ilk holat 31 yanvar kuni qayd etilgandi. Dastlabki o‘lim esa 6 mart kuni ro‘y berdi. Holbuki, o‘sha payt Italiyada vafot etganlarning umumiy soni 197 nafarga, virus bilan kasallanish holatlari soni 3916taga yetgandi.

12 mart kuni virusga chalinish bilan bog‘liq holatlarni kuzatish bekor qilindi va testlar faqat shifoxonalarda, shunda ham simptom mavjud bemorlarda o‘tkazila boshlandi.

«Qo‘lingizni yuving» tavsiyasi bilan cheklanildi

Bosh vazir Boris Jonson 6 mart kuni qilgan bayonotida ilk o‘lim qayd etilganiga qaramay, ishlar oldingiday davom etishini aytdi va keskin choralar ko‘rish o‘rniga, 20 soniya davomida qo‘lni yuvish bo‘yicha xalqqa maslahat berdi.

Parvozlar to‘xtatilmadi

Yevropaning boshqa ko‘plab mamlakatlari reyslarni bekor qilgan paytda ham Angliya parvozlarni to‘xtatmadi. Hatto hukumatning ilmiy maslahatchilari parvozlarning taqiqlanishi epidemiya sur'atiga deyarli ta'sir ko‘rsatmasligini ta'kidlashdi.

Mart oyi o‘rtalarida virusga chalinish bilan bog‘liq holatlar nazorati to‘xtatildi, test o‘tkazish cheklandi

12 mart kuni Italiyada o‘lim holatlari soni 1000dan oshdi, Angliyada esa 10 nafarga yetdi.

O‘sha kuni Jonson hukumatning «Kobra» deb nomlangan favqulodda holat qo‘mitasi majlisidan so‘ng 4 bosqichli epidemiya rejasining «nazorat» bosqichidan «virus tarqalishini kechiktirish» bosqichiga o‘tilganini ma'lum qildi.

Jonson garchi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi o‘z tarixidagi eng yomon inqirozni boshdan kechirayotganini ta'kidlasa-da, «Yana ko‘plab oilalar o‘z yaqinlarini bevaqt yo‘qotishlari mumkin», desa-da, karantin yoki shunga o‘xshash chora-tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilmadi.

Maktablar yopilmadi, restoranlar va barlar ochiq qoldi

Jonson qilgan yagona ish - xastalik alomati kuzatilganlardan kamida 7 kun davomida o‘zlarini izolyatsiya qilish va agar oila a'zolaridan birida bu hol kuzatilsa, boshqalarning ham uydan chiqmasliklarini so‘rash bo‘ldi.

Maktablar yopilmadi, restoranlar, barlar o‘z mijozlarini, teatrlar esa o‘z tomoshabinlarini qabul qilishda davom etdi. Xitoy, Italiya va Ispaniyadan parvozlar taqiqlanmagani bois chetdan kirib kelgan keng ko‘lamdagi harakat oqimi davom etdi.

Sport musobaqalari to‘xtatilmadi

Chempionlar Ligasi nimchorak finali javob uchrashuvlari doirasida «Liverpul» - «Atletiko» uchrashuvi o‘tkazilishiga ruxsat berildi va 52 ming kishilik stadion to‘ldi. Ushbu uchrashuvga Ispaniyadan 3 ming muxlis tashrif buyurdi.

10-13 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Cheltnem ot sporti festivalida 125 mingdan ortiq kishi to‘plandi.

Bosh vazir Jonson 16 mart kuni qilgan bayonotida jamoatdan bar, klub, restoran va teatr kabi joylarga bormaslikni so‘radi, ammo bunday joylarni yopish to‘g‘risida qaror qabul qilishga hali juda erta ekanini ta'kidladi.

Strategiya hisobot tufayli almashtirildi

Bu vaqt davomida Britaniya asosan ijtimoiy immunitet strategiyasini olib bordi. Jamiyatning 60-70 foiziga virus tarqalishiga yo‘l qo‘yib, ikkinchi to‘lqinning ham, iqtisodiy zararning ham oldini olish mumkinligiga ishongan hukumatning bu siyosati bir hisobot tufayli chiqindi qutisiga uloqtirildi.

16 mart kuni London Imperial kolleji hisobotida ijtimoiy immunitet strategiyasi 300 mingga yaqin britaniyalik o‘limiga olib kelishi mumkinligi haqida bong urildi. Ushbu hisobotdan so‘ng hukumat o‘z strategiyasini o‘zgartira boshladi.

Maktablar, restoranlar va barlarni yopish uchun 50 kun kerak bo‘ldi

20 mart kuni barcha maktablar, xususan, restoran, bar, kafe, kinoteatr kabi joylar yopildi. Bosh vazir agar lozim bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmaslikni maslahat berdi. Shunday qilib, virusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat va maktablar, restoranlar va barlarning yopilishi orasida naq 50 kun o‘tdi.

23 mart kuni ko‘chaga chiqish cheklandi

Bu vaqtga kelib vafot etganlar soni 171 nafardan oshgandi va raqamlar tobora o‘sib borardi. Odamlar ogohlantirishlarga quloq tutmagach, 23 mart kuni qisman karantin joriy etildi.

Qarorlar doirasida fuqarolarga faqat asosiy ehtiyojlar uchun ko‘chaga chiqish, yolg‘iz xarid qilish yoki oila a'zosi bilan kuniga bir marta sport bilan shug‘ullanish, muhtojlarga yordam berish va ishga boorish uchungina ko‘chaga chiqishga ruxsat berildi.

Bundan tashqari, dorixonalar va do‘konlardan tashqari barcha tijorat markazlari yopildi. Dafn marosimlaridan tashqari barcha ijtimoiy tadbirlar taqiqlandi. Bu vaqt davomida ham reyslar to‘xtatilmadi. Mart oyida birgina Londonning Hitrou aeroportidan 3,1 million kishi mamlakatga kirib keldi.

Bosh vazir o‘lim changaliga tushib qoldi

Boris Jonson seshanba kuni London markazidagi Sent-Jyeyms xiyoboniga sayr qilishga keldi / PA MEDIA

Mart oyi oxiriga kelib, o‘limlar soni 2 mingga yaqinlashgandi, virusga chalinish holatlari soni esa 25 mingdan oshib ketdi. Ular orasida taxt vorisi shahzoda Charlz, bosh vazir Jonson va sog‘liqni saqlash vaziri Henkok ham bor edi.

Jonson 5 aprel kuni kechqurun kasalxonaga yotqizildi, ertasi kuni esa intensiv terapiyaga olib o‘tildi. 9 aprel kuni reanimatsiya bo‘limidan, 12 aprel kuni shifoxonadan chiqarilgan bosh vazir 27 aprel kuni o‘z ishiga qaytdi. Ushbu davrda mamlakatda epidemik siyosatning proksi-protsedurasi amalga oshirildi.

Garchi hukumat «ahvoli yaxshi» deb bayonot bergan bo‘lsa ham, Jonsonning o‘zi, agar u vafot etsa, favqulodda vaziyatlar rejasi tayyorlab qo‘yilgan bo‘lganini aytdi.

Test o‘tkazishda kech qolindi

Test o‘tkazilishi ko‘paytirilgan, ammo test to‘plamlari yetishmovchiligi davom etmoqda / GETTY IMAGES

Faqat kasalxonalardagi bemorlarda test o‘tkazgan va hatto tibbiyot xodimlarini tekshiruvdan o‘tkazmagan hukumat tanqid nishoniga aylandi.

Mamlakatda kundalik testlar soni aprel oyining so‘nggi haftasiga qadar har kuni 15-20 mingtaligicha qoldi. O‘tgan hafta tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak bo‘lganlar qatoriga qariyalar va muhim vazifalarni o‘z zimmasiga olganlarni qo‘shgan hukumat oy oxirida testlar soni kuniga 122 mingga yetganini e'lon qildi. Biroq ushbu 122 mingta sinovdan 40 mingtasi odamlarning uylariga yuborilgani va ular hali laboratoriyalarda tekshirilmagani ma'lum bo‘ldi.

So‘nggi paytlarda faoliyat jonlanganiga qaramay, hozirda Buyuk Britaniya G‘arbiy Yevropadagi eng past test sinovi ko‘rsatkichiga ega mamlakat bo‘lib turibdi.

Himoya vositalari bilan ta'minlanmagan tibbiyot xodimlari vafot etdi

Epidemiya paytida 100dan ortiq tibbiyot va qariyalar uyi xodimlari vafot etdi. Bunga esa asosan himoya vositalari yetishmasligi sabab bo‘ldi.

Ular qatorida 18 mart kuni bosh vazir Jonsonga mamlakatdagi har bir tibbiyot xodimini himoya vositalari bilan ta'minlash zarurligi haqida xat jo‘natgan 53 yoshli shifokor Abdul Mabud Chovdxuriy ham bor edi.

Shifokorning 18 yoshli o‘g‘li Intisar Chovdxuriy sog‘liqni saqlash vaziri Henkok ishtirok etgan jonli dasturga telefon orqali bog‘lanib, otasining himoya vositalari bilan bog‘liq talabini qondirmagan hukumat o‘z xatolarini qabul qilishi va uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Ammo vazir kechirim so‘ramadi va talabni jiddiy qabul qilmaganliklarini bildirdi.

Holbuki, chiqindi paketi kiygan hamshiralarning surati televideniye orqali namoyish etilayotgan bir paytda jamoat sog‘liqni saqlash instituti tibbiyot xodimlaridan bir marta foydalaniladigan fartuklarni yuvish va qayta ishlatishni so‘radi.

Bundan ham yomon kunlar kutilmoqda

Boshida ongli ravishda ehtiyot choralarini ko‘rmagan mamlakatda kunlik o‘limlar soni hamon 500-700 orasida saqlanib qolmoqda. Bu shuni ko‘rsatadiki, kelgusida Angliyani bundan ham yomon kunlar kutmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top