23:22 / 07.05.2020
5901

Sirdaryoning talafot ko‘rgan hududlaridagi 10200dan ortiq iste'molchi elektr tarmog‘iga qayta ulandi

Sirdaryo viloyatining “Sardoba” suv omboridagi avariya oqibatlarini bartaraf etish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan olib borilayotgan ta'mirlash-tiklash ishlari davom ettirilmoqda. 

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmatining xabar berishicha, ishchi-xodimlar jalb etilgan maxsus texnikalar yordamida shikastlangan elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, yaroqsiz holga kelganlarini almashtirish bo‘yicha faoliyatni uzluksiz davom ettirmoqdalar

“Xususan, Oqoltin tumanining tabiiy ofat natijasida talafot yetgan “Shodlik” MFY aholisini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi 10 kVli “Istiqlol” havo tarmog‘ini tekshirish va zarar ko‘rgan elektr jihozlarini yangilash bo‘yicha ishlar olib borildi. Ayni paytda tuman elektr tarmoqlari xodimlari tomonidan suv bosish natijasida yaroqsiz holga kelgan “A.Tairov” nimstansiyasida tozalash hamda yaroqsiz elektr uskunalarini tekshirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mirzaobod tumanidagi “Do‘ngariq”, “Yangiyo‘l” MFYlari hududidagi xonadonlar ham ofat natijasida elektr energiyasidan uzilib qolgan edi. Tuman  elektr ta'minoti korxonasi malakali mutaxassislari sa'y-harakati bilan 4ta transformator punkti ta'mirlandi. Shuningdek, “Haqiqat” MFY aholisini qayta elektr energiyasiga ulash maqsadida 35/10 PS Toshkent 10 kVli “Do‘ngariq” havo tarmog‘iga qo‘shimcha 1,8 km uzunlikdagi havo tarmog‘i montaj qilindi. Natijada mazkur mahalla aholisi to‘liq elektr energiyasiga qayta ulandi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan olib borilgan ishlar natijasida shu kungacha 10200 dan ortiq iste'molchining tarmoqqa qayta ulanishi ta'minlandi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top