09:17 / 07.05.2020
6677
Toshkentda avtomobilni olib qochgan shaxslar ushlandi

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 3 may kuni soat 09:59da Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismidan tushgan xabarga ko‘ra, Yunusobod tumani, M.Qushbegi ko‘chasidagi uyda yashovchi R.D.ga tegishli bo‘lgan “Matiz” rusumli avtomashinasi Mirzo Ulug‘bek tumani, Osiyo ko‘chasida joylashgan bank oldidan ikki noma'lum shaxs tomonidan olib qochilgan. 

IIV PPX va JTSBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, poytaxt IIBB patrul-post xizmati brigadasi, 1-batalon, 1-otryad xodimlari xizmat faoliyatlari davomida soat 10:42da “To‘sib ushlash” rejasiga asosan berilgan “Matiz” rusumli avtomashinani Mirzo Ulug‘bek tumani, Oqqo‘rg‘on ko‘chasi 1-uy oldidan harakatlanib ketayotganini ko‘rib, haydovchini to‘xtatishga urinishgan. 

Biroq, haydovchi xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, voqea joyidan yashirinishga harakat qilgan vaqtda xodimlarning tezkorligi natijasida ushbu avtoulovni olib qochayotgan shaxslar ushlanib, Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga olib borilgan. Ularning shaxsi tekshirilganda, ular Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi G.V. va F.Ye. ekanligi aniqlangan

Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top