21:29 / 08.05.2020
5201
AQSh yangi immigratsion cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda – OAV

Tramp 22 aprelda qator toifalar uchun immigratsiyaga 60 kunlik taqiq joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati avvalroq kiritilgan immigratsiyani qisman taqiqlash to‘g‘risidagi farmonning amal qilish muddatini uzaytirish hamda mamlakatga kirishga qo‘shimcha cheklovlar kiritish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The Wall Street Journal gazetasi xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, yangi farmonda xorijlik yuqori malakali mutaxassislarga H1-B ish vizasi, qishloq xo‘jaligida ishlaydigan vaqtinchalik ishchilar uchun H2-B vizasi hamda ishlash huquqini beruvchi talabalar vizasi berilishi taqiqlanishi mumkin. Ushbu cheklovlar bir necha oy yoki yilga cho‘zilishi mumkin.

Tramp 22 aprelda qator toifalar uchun immigratsiyaga 60 kunlik taqiq joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Shu bilan birga, boshpana yoki qochqin maqomini so‘rash huquqi cheklanmaydi.

Avvalroq Oq uy rahbari hujjat AQShga vaqtinchalik keladiganlar va fermer xo‘jaligi ishchilariga taalluqli emasligini aytgandi.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, AQShda koronavirusga chalinganlar soni  1,2 milliondan oshgan, 75,6 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Top