16:31 / 08.05.2020
130862
«Bu haqda churq etmaslikni tayinlashgan» – koronavirus bilan kurashayotgan tojik shifokorlari hikoyasi

30 aprel kuni Tojikistonda koronavirus mavjudligi rasman tan olindi. Ammo mamlakat shifokorlari bu kasallik bilan mart oyidan beri kurashib kelgani aytilmoqda.

Illyustrativ foto

Asia-Plus nashri tojikistonlik shifokorlar bilan anonim tarzda suhbatlashib, ular koronavirus bilan qanday kurashayotgani haqidagi materialni e'lon qildi.

Murod, dushanbelik shifokor: «Sakkiz kundirki kasalman, lekin boshqalarga yordam berishga harakat qilyapman»

– Birinchi bemorni bir oycha avval – Navro‘z arafasida «xira shisha» (o‘pka to‘qimalarining tomografiyada xira ko‘rinishi) simptomi bilan qabul qildim. Hamkasblarim bilan maslahatlashdim, kompyuter tomografiyasi suratlarini internet orqali yubordim. Hamma belgilar koronavirusga o‘xshashligini aytishdi. Ma'lumotlarni Rossiyadagi pulmonolog hamkasblarimizga yuborganimizda ham buning koronavirus ekanini tasdiqlashdi.

Bemorning issig‘i yo‘q edi, yaqqol belgilar ko‘zga tashlanmasdi, lekin u ta'm va hidni sezmayotgandi. Shunda shifoxona rahbariyati bilan maslahatlashdim. Bemorni davolashni, tuzalishi uchun barcha choralarni qo‘llashni, ammo bu haqida hech kimga og‘iz ochmaslikni tayinlashdi. Bir qator siyosiy tadbirlar o‘tib olgunga qadar koronavirus haqida g‘iring ham demasligimiz kerak edi. Shunday qildik ham.

Rossiyalik hamkasblarimizdan tashxislash va muolaja protokollarini yuborishlarini so‘radik. Davolash muolajalari boshlandi. Karantin hududlarida go‘yoki «pnevmoniya bilan og‘rigan» bemorlar bilan ishlayotgan shifokorlar o‘zaro muloqotda bo‘lib turish uchun messenjerda guruh ochdik. Kasallik belgilari, muolaja choralari yuzasidan maslahatlashib turdik.

Bemorlar bilan ishlayotgan tibbiy xodimlar koronavirus bilan «og‘rimagan», hammada O‘RVI belgilari bor edi.

Birgina bizning shifoxonada 200 nafar COVID-19 bemoridan 17 nafari vafot etdi. Joy yetishmovchiligi tufayli bemorlar Dushanbedan Hisorga yuborildi, ammo u yerda sun'iy o‘pka ventilyatsiyasi moslamalari yo‘q edi.

Har kuni ishdan so‘ng uyga qaytishimiz kerak, chunki shifoxonada karantin hududi, dam olish uchun joy qilinmagan. Butun dunyoda bunday sharoit qilinganini bilardik. Xususan, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz uchun alohida bo‘linmalar qilingani, yaxshi sharoitda yashashayotganini ko‘rdik. Shifoxonada himoya kiyimisiz qolish xavfli. Men bir o‘zim alohida kvartira ijaraga olib yashayman. Qimmat, lekin iloj yo‘q.

Shifokorlarimiz o‘z hayotini saqlab qolish ilinjida ishdan qochmaydi. Bunga ishonchim komil. Agar biz ishlamasak, boshqa hech kim hozir ishlamaydi – buni bilamiz. Hech qanday qurolsiz, quruq qo‘l bilan kasallikka ro‘para chiqyapmiz. Toki ishlay olarkanman, kurashda davom etaman.

Himoya kombinezonim bor, ammo u ko‘p martalik, havo o‘tkazmaydi. Himoya ko‘zoynagini esa sport buyumlari do‘konida sotib olganmiz – suzish uchun mo‘ljallangan ko‘zoynak. Tez terlaydi, noqulay.

Bizga berilgan respiratorli niqoblar ham ko‘p martalik, ularni tozalab, dezinfeksiyalab ishlatyapmiz. Niqob va va antiseptik vositalarni shifoxonada berishyapti.

Navbatchilikdan keyin kiyimlarni dezinfeksiya qilishning imkoni yo‘q, shunchaki antiseptik sepib chiqamiz. Ammo antiseptik ham kam, tejab ishlatish kerak. Bu ishimiz xavfli, himoya kiyimlari obdon dezinfeksiya qilinishi kerak.

Menda hozir koronavirus alomatlari bor. O‘pkamda noqulaylik his qilaman, ammo rentgenda hech qanday belgi ko‘rinmadi. Isitma yo‘q, lekin hid sezmayapman. Bu haqida rahbariyatga ma'lum qildim, ular meni davolashyapti, men esa og‘irroq alomatlar bo‘lgan boshqa bemorlarni...

Ikki karra himoyalanishga majburman. Chunki boshqalarga virus yuqtirishdan qo‘rqaman. Tibbiyot xodimlarining aksariyatida infeksion kasallik alomatlari bor. Ammo bizni testdan o‘tkazishmayapti.

Omina, xo‘jandlik shifokor: «Hamma testlar natijasi manfiyligini aytishgandi»

– Koronavirus belgilari bo‘lgan ilk bemorlarni Jabbor Rasulov tumanidan (So‘g‘d viloyati) qabul qildik. Ular uch nafar edi. Ammo hech qanday chora ko‘ra olmadik, chunki test natijalari manfiy chiqqandi.

Ularda kasallik alomatlari zo‘raya boshlagach ham, test natijasi yana manfiy chiqqanini bildim – yoki testlar sifatsiz, yoki natijalarni yashirishga harakat qilishyapti. Koronavirusga testni tahlil qiluvchi PZR (polimeraz zanjir reaksiyali) laboratoriyalar faqatgina Dushanbeda bor.

Birgina Jabbor Rasulov tumanidan 200 nafardan ko‘p bemor keldi. Virusning yengil belgilari bo‘lgan bemorlarni qabul qilmay qo‘ydik. Muolaja belgilab, uyiga jo‘natib yuborilyapti.

Himoya vositalarisiz qolgan ko‘pgina hamshiralar ishdan ketishga majbur bo‘ldi. Chunki maoshi o‘ziga himoya vositasi sotib olishga yetmaydi. Men esa bolalarimni boqishim kerak, shuning uchun ishdan keta olmayman.

Bir necha kun shifoxona ordinaturasida yashab yurdim. Hozir qarindoshimning bo‘sh uyida turibman. Virusni yuqtirib olishdan qo‘rqyapman, uch haftadan beri tinchlantiruvchi dori ichaman. Bolalarim, keksa onamdan xavotirdaman...

12 nafar shifokorga atigi 4ta himoya kiyimi bor. Shuni ham o‘zimiz olganmiz. Bo‘lim ishini yaxshilash uchun har oy maoshimizdan ulush qo‘shib, tashkil qilgan mablag‘imizdan sotib oldik. Sotib olingan himoya vositalarini xavfli tekshiruvga ketayotgan shifokor kiyib oladi. Keyin esa ularni xlor bilan tozalaymiz. Bu qandaydir ahmoqlikka o‘xshaydi, himoya vositalari har kim uchun alohida bo‘lishi kerak axir. Bizgacha hech qanday yordam ham, test ham yetib kelmayapti...

Hammasi o‘z yo‘liga, bizga hatto o‘z vazifamizni qilishga ham imkon berishmayapti. Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi xodimlari kelib, qo‘rqitishdi, jim o‘tirishga majburlashdi. Umidsizlikka tushib qoldik...

Oliha, xo‘jandlik hamshira: «Shifoxonadan tashqariga biron ma'lumot chiqsa, darrov aybdorni izlash boshlanadi»

– Yaxshi tibbiy xodimni xalq boqadi, deyishadi. Men bilan ham shunday. Maoshim 400 somoniy (taxminan 400 ming so‘mga teng), ammo ishlashda davom etardim. Ukol qilganim, tomchi dori qo‘yganim uchun pul topardim. Xalqimiz mehribon, mehnatni qadrlaydi.

Ammo shifoxonaga koronavirus tashxisi qo‘yilganlar keltirila boshlangach, boshqa bemorlarni qabul qila olmay qoldik. Koronavirus bilan og‘riganlarning esa ahvoli og‘ir. Boshqalarga yuqtirib qo‘ymay, deb uyga borishga ham qo‘rqaman.

Bizni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga himoya kiyimlarini sotib olishga, jim turishga majburlashdi. Shifoxonadan tashqariga biron ma'lumot chiqadigan bo‘lsa, darrov aybdorni izlash boshlanadi.

Kombinezon, ko‘zoynak va boshqa himoya vositalarini sotib olishga maoshim yetmasdi. Shunday xavfning oldida bizni yakkalatib qo‘yishganidan juda xafa bo‘ldim. Aholi koronavirusning borligi haqida bilgach, shifokor va hamshiralarga yordam bera boshladi. Ilgari bizga gapirishni ham taqiqlashgandi. Chorasizlikdan yig‘lardik, hammamiz o‘lib ketamiz deb o‘ylardik.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top