08:50 / 08.05.2020
13015
Buxoroda yuz bergan tabiiy ofat oqibatida yo‘qotilgan hosil o‘rtacha 19 721 tonna ekani bildirildi

Viloyatdagi 115 ta fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jalik korxonalaridagi 253,5 gektar issiqxonalar talafot ko‘rgan. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari tomonidan “Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta'minlash yuzasidan tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Jumladan:

tabiiy ofat natijasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida yetkazilgan zararlar;

ekin maydonlaridagi yo‘qotishlar va nobudgarchiliklarni o‘rnini qoplash;

irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tiklash; 

nobud bo‘lgan paxta va g‘alla maydonlarini to‘liq o‘rganib chiqib, qisqa muddatlarda boshqa turdagi mahsulotlarini ekishni tashkil etish;

zarar ko‘rgan issiqxonalarni tiklash va ulardagi ekinlarni parvarishlash bo‘yicha choralar ko‘rish yuzasidan vazifalar ijrosi ta'minlanmoqda.

Olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Buxoro viloyatida 2172 ta fermer xo‘jaliklarida 9660 gektar bog‘ mavjud bo‘lib, ushbu maydonlarda joriy yilda 115,8 ming tonna meva yetishtirish belgilangan. 

Tabiiy ofat natijasida bog‘larning 2616 gektariga (27,1 foiz) zarar yetib, yo‘qotilgan hosil o‘rtacha 19 721 tonna (17,03 foiz) ekanligi bildirildi.

Viloyatdagi 115 ta fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jalik korxonalaridagi 253,5 gektar issiqxonalar talafot ko‘rgan. 

Viloyatda 2020 yil hosili uchun 97 900 gektar chigit ekilgan bo‘lib, tabiiy ofat natijasida 4554 gektar (4,6 foiz) maydonga qayta chigit ekiladi.

Viloyat tumanlarida 18 143 konturda 60 600 gektarda parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlaridan tabiiy ofat natijasida 12 619 gektar (20,8 foiz) maydon talafot ko‘rgan.

Respublika ishchi guruhi tomonidan:

tabiiy ofat natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlari, bog‘ va tokzorlar va issiqxonalarga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish;

qishloq xo‘jaligi ekinlarini qayta ekish, issiqxonalarni tiklash va hosilni ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli qilib o‘tkazish;

g‘o‘za maydonlarida qatqaloqni sindirishga ommaviy safarbarlik hamda kultivatorlarni otryad usulida ishlashini tashkil qilishga doir bir qator amaliy ishlarni olib bormoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top