01:48 / 08.05.2020
14366
«Iqtisodiy inqiroz inson huquqlari inqiroziga aylanib ketmoqda» – BMT pandemiyaga oid tavsiyalar e'lon qildi

Pandemiya sharoitida 57 davlat o‘zining chegaralarini yopdi, bu boshqa davlatlarga boshpana izlab boradigan, yordamga muhtojlar uchun ham istisno qilingani yo‘q. Bir paytning o‘zida esa maishiy zo‘ravonlik holatlari haqida ma'lumotlar ko‘payib bormoqda. Bularning barchasini inobatga olgan holda, BMT inson huquqlariga doir tavsiyalar ishlab chiqdi.

Foto: AFP

«Covid-19 pandemiyasi – sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda holatdan ham ko‘proq ma'noga ega.

Bu – iqtisodiy inqiroz. Bu – ijtimoiy inqiroz. Va qolaversa, inson huquqlari inqiroziga aylanib bormoqda», dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

BMT «Covid-19 va inson huquqlari: Barchamiz birgamiz» nomli hisobotida inson huquqlariga tegishli 6 jihatni ajratib ko‘rsatdi. Tashkilot pandemiyaga qarshi samarali kurashda ushbu jihatlar markaziy o‘rin tutishi kerakligini ta'kidlamoqda.

Jahon iqtisodiy forumi saytida ushbu oltita yo‘nalish sanab o‘tilgan.

1. Insonlar hayotini himoya qilish – asosiy maqsad. Ularning tirikchiligini saqlab qolish esa bunga yordam beradi

Barcha hukumatlar uchun asosiy maqsad pandemiyani yengish bo‘lib qolayotgan bir paytda jon saqlashi qiyin bo‘lgan odamlar ko‘proq zarar ko‘radi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 2,2 milliard odamning suv tanqisligi tufayli qo‘llarini tez-tez yuvishi imkonsiz, 1,8 milliard odam esa ijtimoiy masofa saqlay olmaydi, chunki ular ko‘p sonli odamlar istiqomat qiluvchi uylarda yoki ko‘chalarda yashashadi.

Maktablarning ommaviy yopilishi natijasida 1 milliard bola ta'lim olish huquqidan mahrum bo‘ldi. Karantin davrida esa maishiy zo‘ravonlik ko‘rsatkichi oshdi. G‘amxo‘rlik va ko‘mak ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati to‘xtashi ham jamiyatning zaif qatlamiga zarba bo‘lmoqda.

BMT bu borada ahvol og‘ir hududlarni suv bilan ta'minlashni taklif qilib, uylarni olib qo‘yish amaliyotini to‘xtatib turish lozimligini aytadi.

2. Virus kimga yuqishni tanlab o‘tirgani yo‘q, ammo uning ta'sirida diskriminatsiya kelib chiqmoqda

«Uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan tengizlik va tibbiy yordamning noteng taqsimlanishi guruhlar va individlarni ham virusdan zararlanishi holatlarini noteng qilib qo‘ymoqda», – deyiladi BMT hisobotida.

Buni bir qancha misollar bilan ko‘rish mumkin: masalan, AQSh va Buyuk Britaniyaning etnik ozchiliklar yashaydigan hududlarida virus ko‘proq tarqalgani kuzatilgan.

Masalan, The New York Times nashri AQShning ayrim shtatlari va yirik shaharlari bergan ma'lumotlarga tayanib, koronavirusdan zararlanish va undan o‘lim holatlari qora tanli amerikaliklar orasida noproporsional tarzda yuqori ekanini yozadi.

Bunga asos sifatida, tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, resurslar, tibbiy va boshqa yordam uchun notenglikning mavjud bo‘lishi keltirilmoqda.

Shunga qaramay, BMT virus uchun kurash iqtisodiy va ijtimoiy noqulayliklardan ham ortiqroq narsaga olib boradi, degan fikrda.

«Afsuski, bu inqiroz paytida diskriminatsiya o‘zining chirkin boshini ko‘rsatmoqda. Ba'zi mamlakatlarda koronavirus «chet elliklar kasali» deya ham baholanmoqda. A'zo davlatlar diskriminatsiya va fasod gaplarga qarshi kurashda eng birinchi darajada mas'uliyatlidir, biroq barcha figuralar, jumladan ijtimoiy media kompaniyalari ham kurashda ishtirok etishi shart», deyiladi BMT hisobotida.

3. Qarorlar qabul qilayotganda aholi fikri inobatga olinishi zarur

BMT tavsiyasiga ko‘ra, hukumatlar xalqning qo‘llab-quvvatlashiga erishish uchun ochiq va oshkora bo‘lishi, odamlarga ta'sir qilish uchun qarorlar qabul qilish jarayoniga ularni ham jalb qilishi lozim.

Ayni paytda dunyo bo‘ylab hukumatlar karantindan keyingi hayotni uzoq muddat ijtimoiy masofa saqlash va erkinlikni cheklash yo‘li bilan rejalashtirmoqda. Shunday bo‘lishiga qaramay, qaror qabul qilishda oshkoralikni chegaralash va tanqidlarni eshitmaslik hukumatlarning xalq ishonchi va ularning hamkorligidan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Odamlar qo‘llab-quvvatlashiga esa sifatli internetni ta'minlash, so‘z erkinligini himoya qilish va cheklovlarga qaramay demokratiyani himoya qilish orqali erishish mumkin.

4. Virusdan xavfsirash kerak, odamlardan emas

Pandemiya demokratik institutlar faoliyatiga salbiy ta'sir etishi, firklar qarma-qarshiligini to‘xtatishga va odamlar yoki guruhlarning ajratilishi uchun bahona bo‘lib qolishi mumkin.

BMT o‘z hisobotida majburlov choralari aniq vaziyatlarda yaxshi samara berishini tan olgan holda, ortiqcha kuch ishlatishning natijasi yomon bo‘lishidan ogohlantiradi.

Ayrim davlatlar terrorizmga qarshi qonunchilik va xavfsizlik choralaridan inson huquqlarini buzish uchun foydalanishi mumkin. Vakolatlar suiste'mol qilinishi aksincha natija berishi, ya'ni radikalizm kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, BMT ba'zi davlatlarda o‘rnatilgan vaqtinchalik cheklovlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan: maxsus favqulodda vaziyat ko‘rsatmalari va inson huquqlari bir me'yorda ta'minlanayotgan davlatlar ham bor.

5. Hech qaysi davlat yolg‘iz o‘zi g‘alaba qozona olmaydi

«Boy davlatlar kam daromadli mamlakatlarga yordam berishi lozim. Pandemiya davlatlarga birdamlik va xalqaro hamkorlik qay darajada muhim ekanini eslatish uchun imkoniyat bo‘lishi ham mumkin», – deyiladi hisobotda.

Shuningdek, BMT samarali vaksina yaratilgandan so‘ng u hamma yerda va hamma uchun yetarli bo‘lishi kerakligini aytmoqda. Bu esa intellektual mulk bo‘yicha moslashuvchan siyosatni talab qiladi.

O‘zaro ma'lumotlar almashish ham muhim. «Dunyo pandemiya ko‘lamini tushunishi uchun milliy va xalqaro statistika ma'lumotlarini umumlashtirishga ham muhtoj», – deya qayd etilgan dokladda.

6. Qaytadan oyoqqa turib olgach, oldingidan yaxshiroq bo‘lishimiz shart

«Kelajakni o‘tmishdan yaxshiroq qilib qurishimiz zarur», – deydi Antonio Gutterish.

Buni qanday qilish mumkinligi esa BMTning «Universal darajada salomatlikka erishish» maqsadida o‘z aksini topgan. 

Shuningdek, BMTning hisoboti dunyo liderlarini mavjud resurslardan milliy va xalqaro darajada unumli foydalanishga chaqirmoqda. Bu – sifatli tibbiy yordam olish imkoni hech qanaqa diskriminatsiyalarsiz barcha uchun kafolatlanishini nazarda tutadi.

Iqtisodiy o‘lchovlar ham o‘z daromadini yo‘qotganlarni teng qo‘llab-quvvatlaydigan tarzda tashkil etilishi kerak.

Virusdan keyingi kelajak avlod uchun quriladigan inklyuziv va barqaror dunyo rejalarida esa eng zaif guruhlar: qochoqlar, e'tibordan chetda qolgan ayol va qizlarga g‘amxo‘rlik asosiy e'tiborda bo‘lishi kerak.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top