16:15 / 08.05.2020
5318
O‘zbekistonda aprel oyida havo ifloslanishining monitoringi bo‘yicha ma'lumot berildi

«O‘zgidromet» atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini 25ta shahardagi 63 ta statsionar kuzatuv punktida amalga oshiradi. Aholi soniga qarab va normativ hujjatlar asosida shaharlarda 2 tadan 4 tagacha post joylashtirilgan. Toshkentda 13 ta kuzatuv punkti bor. 

Joriy yilning aprel oyida havoning ifloslanish darajasi respublikada 23 ta shahardagi 53 ta kuzatuv punktida tekshirilgan, deb yozmoqda «O‘zgidromet»

Uning yuqori qiymatlari Olmaliq va Farg‘ona shaharlarida qayd etildi, ifloslanish indeksi tegishlicha 7, 95 va 5,34 ni tashkil qildi.

Shaharlarda atmosfera havosi ifloslanish darajasining yuqoriligi sanoat korxonalari ajratmalarining tarqalishi va meteosharoitlarga bog‘liq bo‘ldi.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha aprel oyida atmosfera havosining ifloslanish darajasi me'yor chegarasida bo‘lgan.

Bildirilishicha, kuzatuv punktlarida atmosfera havosidagi 12 ta gaz aralashmasi nazorat qilinadi. Shaharda atmosfera havosi sifatini monitoring qilish dasturi beshta asosiy ifloslantiruvchi modda: chang (qattiq muallaq zarrachalar), oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi (is gazi), azot dioksidi, azot oksidini o‘z ichiga oladi. Sanoat ajratmalari tarkibi va yaqinda joylashgan shaharlar va tutashgan hududlar xususiyatlariga qarab dasturiy o‘lchovlarga boshqa moddalar (ammiak, fenol, formaldegid, ozon, xlor, qattiq ftoridlar, ftorli vodorod, og‘ir metallar) qo‘shiladi.

Atmosfera havosi holati ustidan kuzatuvlar har kuni haftasiga 6 kun sutka davomida 3 marta (mahalliy vaqt bilan soat 7:00, 13:00, 19:00 da) amalga oshiriladi. Kuzatuv punktlarida havo namunalari aspirator usulida olinadi. Atmosfera havosi ifloslanish darajasining ko‘rsatkichi — bu atmosfera ifloslanishining kompleks indeksidir (AII).

Shahar atmosfera havosi ifloslanish darajasini tavsiflash uchun standart integral ko‘rsatkich — atmosferaning ifloslanish indeksi (AII)dan foydalaniladi, u beshta asosiy ifloslantiruvchi ingrediyent (chang, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi (is gazi), azot dioksidi, azot oksidi) bo‘yicha hisoblanadi. AIIning 5 balldan kam qiymati past ifloslanish darajasiga to‘g‘ri keladi.

Havoning ifloslanish darajasi AII 0-4 bo‘lganda past, AII 5-6 bo‘lganda oshgan va AII 7-14 bo‘lganda yuqori, AII> 14 bo‘lganda eng yuqori hisoblanadi.

Top