19:30 / 08.05.2020
52142
O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalish bo‘yicha kunlik rekord qayd etildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent, Samarqand va Surxondaryoda yana 37 kishi tuzalgani haqida xabar berdi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida 5 nafar, Toshkent shahar 3-sonli tug‘ruq kompleksida 4 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 21 nafar, Surxondaryo viloyatida 6 nafar hamda Samarqand viloyatida yana 1 nafar, jami 37 nafar bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgan.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida tuzalganlarning 4 nafari erkak, 1 nafari ayol. Ularning 2 nafari Rossiyadan, 1 nafari Turkiyadan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. Qolgan 2 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.

3-sonli tug‘ruq majmuasida sog‘aygan 4 ayol koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallik yuqtirib olishgan. Ularning eng yoshi kattasi 37 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 24 yoshda.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 21 nafar bemor butunlay sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Toshkent shahrida shu paytga qadar 518 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 548 nafarga yetdi.

Surxondaryo viloyatida ham 6 nafar bemorga javob berildi va jam tuzalganlar soni 35 nafarga yetdi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida yana bir bemor tuzalgan. 55 yoshli bu ayol Toyloq tumanidan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Endilikda viloyatda sog‘ayganlar soni 70 nafarga yetdi.

Bungacha Namanganda 22, Sirdaryoda 8, Andijonda 2, Buxoroda 32, Xorazmda 1, Samarqandda 17 bemor - jami 82 kishi tuzalgani ma'lum qilingandi.

Bugun jami 119 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 1775 nafarga yetdi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar sog‘ayishni boshlagan kundan buyon o‘tgan vaqt ichida eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.

Ayni paytgacha O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni 2324 nafarni tashkil qilib, sog‘aygan va vafot etganlardan tashqari, shifoxonalarda jami 539 nafar bemor davolanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top