23:34 / 08.05.2020
89446

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida otishma yuz berdi. Ikki tomondan yaralanganlar bor

Tojikiston va Qirg‘iziston chegara xizmatlari chegarada otishma yuz bergani va ikki tomondan yaralanganlar borligini ma'lum qildi. Tomonlar mojaroning boshlanishida bir-birlarini ayblamoqda.

Foto: Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegara xizmati

Qirg‘iziston chegara xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, mojaroning boshlanishiga Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Chek qishlog‘ida 50 sotix yerdan foydalanish sabab bo‘lgan. Qirg‘iziston tomonining ta'kidlashicha, ushbu uchastka rasman “biror tomon hisobiga rasmiylashtirilmagan”, biroq Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan qo‘llanadi.

Dastlab ikki tomondan 30-40 kishi bir-biriga tosh ota boshlagan, so‘ngra otishma boshlangan.

O‘z navbatida Tojikiston milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot xizmatida ta'kidlanishicha, mojaroga Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan Tojikistonga tegishli 4 gektar yerning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi sabab bo‘lgan. 

“8 may soat 18da Isfara tumani Chorkuh qishloq jamoatining Kumazor chegara hududida mojaro yuz berdi. Unga me'yoriy-huquqiy hujjatlarga ko‘ra Tojikistonga tegishli 4 gektar yerning Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi sabab bo‘lgan. Qirg‘iz chegarachilari mojaroni bartaraf etish o‘rniga Tojikistonning qurolsiz fuqarolariga o‘qotar quroldan o‘t ochib, uni yanada avj oldirishgan”, deb keltirib o‘tgan tojik chegarachilari so‘zlarini “Xovar” axborot agentligi. 

Ta'kidlanishicha, Tojikistonning ikki fuqarosi og‘ir jarohat olgan.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston kuch tuzilmalaridagi manbaning “Interfaks” axborot agentligiga xabar berishicha, tojik chegarachilari mojaro vaqtida Kalashnikov avtomatlari, RPG (tankka qarshi qo‘l granatomyoti) qo‘llashgan. Uch qirg‘iz chegarachisi, jumladan mahalliy chegara zastavasi boshlig‘i yaralangan. Qirg‘iziston chegara xizmatida yaralangan chegarachilar haqidagi ma'lumot tasdiqlangan.

Ta'kidlanishicha, otishmadan keyin ikki tomon chegarachilari muzokaralar boshlashgan.

Qirg‘iziston janubidagi Botken viloyati Tojikiston bilan chegaradosh hisoblanadi. Chegaraoldi hududida bayon qilinmagan va bahsli yerlarning ko‘pligi ikki davlat fuqarolari o‘rtasida tez-tez mojaro yuz berib turishiga sabab hisoblanadi.  

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi uzunligi 971 kmni tashkil qiladi. Ayni vaqtda bu chegaradan 583 kmi bayon qilingan.

Top