17:55 / 08.05.2020
61733

Sirdaryodagi toshqinda oqib ketgan Milliy gvardiya xodimlari haqida ma'lumot berildi

«Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat oqibatida yuzaga kelgan toshqinda Milliy gvardiyaning uch nafar xodimi oqib ketgan. Ulardan biri qutqarilgan, biri halok bo‘lgan, yana bir xodimni qidirish ishlari davom etmoqda.

Milliy gvardiya tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Qodirov 8 may kungi brifingda bundan bir hafta muqaddam ro‘y bergan «Sardoba» avariyasidan jabrlangan xodimlar haqida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra:

  • Sirdaryo viloyatida joylashgan harbiy qism maxsus vazifalarni bajarish otryadi guruh komandiri kapitan Ibragimov Sanjar Botirovich,
  • maxsus vazifalarni bajaruvchi otryad guruh mutaxassisi oddiy askar Suyunov Hazrat Karamatovich,
  • jangovar otryad muhandis-sapyor guruhi mutaxassisi 3-darajali serjant Suyarov Husniddin Zokirovich aholini evakuatsiya qilish tadbirlari jarayonida suv toshqinida oqib ketishgan.

«Qidiruv natijasiga ko‘ra, kapitan Ibragimov hodisa joyidan 15 km uzoqlikda sog‘ holda topilgan.

Serjant Suyarovning jasadi 3 may kuni soat sakkizlarda Oqoltin tumani Ahillik qishlog‘i Kichik Bobur mahallasidan topilgan.

serjant Suyarov Husniddin Zokirovich

Ming afsuski, oddiy askar Suyunov Hazrat Karamatovichni qidirish ishlari hali o‘z natijasini bergani yo‘q», – dedi To‘lqin Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, hodisa oqibatida 4 kishi vafot etib, bir kishi bedarak yo‘qolgani, 56 kishi kasalxonaga yotqizilgani ma'lum qilingan edi.

5 may kungi videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev halok bo‘lganlarning yaqinlari va oila a'zolariga chuqur hamdardlik bildirdi.

«Yigitlarimizning jasorati barcha kasbdoshlari va yoshlar uchun Vatanga, xalqimizga sodiqlik va fidokorona xizmat qilishning namunasi bo‘lib qoladi», – dedi davlat rahbari.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top