17:33 / 08.05.2020
19338
«U kalxatlar shu gul makonni vayronazor qilib ketibdi». Gomelni ozod qilish jangida yaralangan o‘zbek askari haqida

Tadbirkor Zafar Hoshimov II jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan ushbu urushda qatnashgan, Belarusning Gomel shahrini ozod etish uchun kechgan janglardan birida yaralangan amakisi Hamdam Qo‘chqorov haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Hamdam amakim 1941 yili 17 yoshga to‘lib, endigina maktabni bitirgan edilar. Shu payt urush boshlanadi.

Amakimlar ko‘ngilli bo‘lib Vatan himoyasi uchun urushga intilib, voyenkomatlarga boradilar, lekin yoshlari yetmagani sababli, rad javobi oladilar. Shunda sinfdoshlari Azimjon amaki bilan poyezdga o‘tirib, o‘sha payt Kuybishev deb atalgan shaharga yetib olishadi.

U yerda voyenkomatga borib, 18 yoshga to‘lganliklarini aytib, yo‘lda hujjatlarni yo‘qotib qo‘ydik, deb da'vo qilib, ko‘ngilli sifatida armiyaga olishlarini so‘rashadi. Amakimlar ancha uddaburon va rus tilida yaxshi gaplashganlari sababli ularni yosh ofitserlar maktabiga yo‘llashadi, u yerdan esa, 6 oy o‘tib kichik leytenant unvoni bilan frontga ketadilar.

Ikki yil jang-u jadalda qatnashadilar, piyoda askarlarda pulemyot raschyotining komandiri bo‘ladilar. 1943 yil noyabrida Belarusda Gomel shahrini ozod qilish janglarida qatnashib, yaralanadilar. Shunda Gomel tevaragidagi dala gospitalida yotib quyidagi she'riy qasida bitadilar.

Hamdam amakimning hayotlari juda murakkab va jadal o‘tgan. Hozirgi mening yoshimda, ya'ni 52ga to‘lib, 1976 yili o‘sha yaradorlik asoratidan olamdan o‘tganlar.

Lekin shu uzun bo‘lmagan hayotlarida juda ko‘p hodisalar, fojialar, haqiqiy g‘alaba va cho‘qqilar mujassam bo‘lgan.

Shu bilan bir qatorda ular iste'dodli shoir edilar. Ular umrbod she'riyat va san'atga mehr qo‘yib, juda ko‘p asarlar yozganlar. Qator she'rlariga kuylar bastalangan.

Gomel jangi

Atrofimda quyuq o‘rmonzor,
So‘j daryosi ko‘rinib turar.
Men yotardim g‘arbga tikilib,
Begona o‘q vizillab uchar.

Go‘yo shunda tug‘ilganman-ku,
Shu tutashgan daraxtlar tanish.
O‘sha daryo, o‘sha qumloq yer,
Meni ko‘rib qilardi xonish.

Yaqin qoldim, xayolda, go‘yo,
Berlin ostonasi chorlar-ko‘rinar.
G‘arbga qarab shoshilar yurak,
Ammo polkim buyruqni kutar.

Sababini bilmoq istayman,
Nima uchun to‘xtadik uch kun.
Hech kim bilmas, men ham bilmayman,
Sir aytilmas tasalli uchun.

Oy yuziga sepkil toshgandek,
Ko‘k yuzida hisobsiz yulduz.
Go‘yo yurtim, go‘yo Toshkentdek,
Osmonlarga tikildim ma'yus.

Oftob bilan to‘lgan hovlimda,
Tushim ichra otamni quchdim...
Komandirim chaqirdi meni,
Sapchib turdim, o‘qdan tez uchdim.

Buyurdi u, men buyrug‘ini
Takrorladim. «Idite» dedi.
So‘j bo‘yicha siljidik asta,
Askarlarning ko‘rinmas keti.

Tun qal'asin tong sipohlari
Parchaladi. Sharqdan otdi tong.
Atakaga undadi to‘plar,
Yangrab ketdi g‘alaba ohang.

Hech xayolga keltirolmayman,
G‘arb qirg‘oqqa qanday o‘tganim.
Balki to‘plar o‘qiga mindim,
Yoki suvdan xatlab ketganim.

Xatlab o‘tgan bir o‘zim emas,
G‘alaba ham o‘tgandi birga.
Ko‘zni ochib ulgurmabman ham,
Yetib qopmiz Gomel shahriga.

To‘xtamadik shu yugurgancha,
«Vatan uchun!» – hayqirdik chuvvos.
«Stalin uchun», «ura» dedigu,
Berlinni ham titratdi ovoz.

Gomel, mana shu ko‘hna shahar,
Bag‘rin o‘qlar teshib o‘tibdi,
U kalxatlar shu gul makonni,
Vayronazor qilib ketibdi.

Gomel, seni men yoshligimda,
Xaritadan topardim zo‘rg‘a.
Mana endi hech kimdan so‘rmay,
Yetib keldim makon to‘ringga

Seni ko‘rish va ozod qilish,
Huquqiga erishdim, shodman.
Tuprog‘ingga to‘kildi qonim,
Endi senga farzand avlodman.

Hech farqi yo‘q, qonlarim bir xil –
Kindik qonim, yo yara qonim.
Endi sening o‘g‘lingman, bilgil.
Senga qurbon shu jon-u tanim.

Hamdam Qo‘chqorov
28/ 11/ 1943
Gomel.

Top