21:18 / 08.05.2020
21507
Xitoy AQSh dollarini «qulatish»ni rejalashtirmoqda – OAV

Pekin AQShning 1,1 trillion dollarlik davlat obligatsiyalariga ega va koronavirus sababli ikki mamlakat o‘rtasida paydo bo‘lgan kelishmovchilik ortidan AQSh qimmatli qog‘ozlarini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Foto: Depositphotos

Xitoy AQShning qimmatli qog‘ozlarini sotishni boshlashi va shu orqali dollar kursining tushib ketishini yuzaga keltirishi mumkin, deb yozmoqda South China Morning Post.

Nashrning qayd etishicha, Pekin AQShning 1,1 trillion dollarlik davlat obligatsiyalariga ega va koronavirus sababli ikki mamlakat o‘rtasida paydo bo‘lgan kelishmovchilik ortidan AQSh qimmatli qog‘ozlarini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

"Bu o‘z navbatida, AQSh davlat obligatsiyalari bozori uchun muammolar keltirib chiqarishi mumkin, chunki Vashington pandemiyaga va u bilan bog‘liq iqtisodiy zararga qarshi kurash bo‘yicha qator dasturlarni moliyalashtirish uchun yangi qimmatli qog‘ozlarni chiqarishni sezilarli darajada oshirmoqda", — deyiladi gazetada.

Tahlilchilarning fikricha, bu AQShning obro‘siga putur yetkazadi va uning butun dunyodagi investorlarga to‘lay olish layoqatini savol ostiga qo‘yadi.

Maqola mualliflarining qayd etishicha, bu qadam Pekin tomonidan oxirgi chora sifatida ko‘rilmoqda va Xitoy rahbariyati Vashingtonga dastlab boshqa yo‘l bilan bosim o‘tkazishga urinib ko‘radi.

AQSh aprelda koronavirus qanday paydo bo‘lgani va Xitoy qanday qilib uning tarqalishini tezda to‘xtata olgani borasida surishtiruv boshlagani ma'lum qilingandi. Ayrim taxminlarga ko‘ra, virus Uhandagi laboratoriyadan tarqalgan.

Shu bilan birga, AQSh razvedkasi virusning sun'iy ravishda yaratilmaganini bildirgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy COVID-19 koronavirusini ataylabdan tarqatganiga ishonmasligini aytgandi

Xitoy Uhandagi virusologiya instituti pandemiya manbai bo‘lganligini rad etmoqda.

Top