21:05 / 09.05.2020
40164
Bir kunda 71 bemor tuzaldi, shifoxonalarda qolayotganlar soni 500dan kamaydi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Andijon va Namanganda yana 43 bemor tuzalgani to‘g‘risida xabar berdi.

Andijon viloyatida 23 nafar koronavirus infeksiyasidan tuzalgan bemor reabilitatsiyaga kuzatildi. Ulardan 22 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. 1 nafari esa Rossiyadan Qozog‘iston orqali kelgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ularning 8 nafari erkak, 15 nafari ayollar bo‘lib, eng yoshi kattasi 56 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 8 yoshda. Viloyatda shu paytga qadar 135 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 158 nafarga yetdi.

Namangan viloyatida 20 nafar bemorga javob berildi. Ular koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlarning 9 nafari erkak, 11 nafari ayollar bo‘lib, eng yoshi kattasi 64 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2020 yil tug‘ilgan chaqaloq. Viloyatda shu paytga qadar 159 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 179 nafarga yetdi.

Shunday qilib, bugunning o‘zida 71 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1846 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda ushbu kasallik aniqlanganlar soni 2349 nafarni tashkil qilib, sog‘aygan va vafot etganlardan tashqari, jami 493 nafar bemor davolanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top