01:00 / 09.05.2020
15334

Dunyoda oxirgi bir hafta ichida koronavirusga chalinish bo‘yicha eng past haftalik o‘sish qayd qilindi

Dunyoda koronavirusga chalinganlar soni oxirgi 7 kun ichida 500 mingdan ko‘proqqa yoki 18 foizga ko‘paydi. Bu pandemiya boshidan beri eng past haftalik o‘sish hisoblanadi. 

Foto: EPA-EFE/Juan Ignacio Roncoroni

Ayni vaqtda dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 3,98 mln kishini, ya'ni 100 ming kishiga taxminan 47 nafar kasallanganni tashkil qilmoqda. Oxirgi 4 hafta davomida har hafta o‘rtacha 500 mingtadan yangi kasallanish holati qayd etilayotgandi.  

Koronavirusdan o‘lim darajasi ham 7 kun ichida biroz kamayib, 7,12 foizdan 7,03 foizgacha pasaygan. Umumiy hisobda koronavirusdan vafot etganlar dunyo bo‘yicha 274 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. 

Shuningdek, sog‘ayayotganlar soni oshmoqda, hozirda ular soni 1,37 mlndan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Bir hafta ichida sog‘ayganlar soni o‘sishi 30 foizga yaqinni tashkil qilgan. 

Britaniyada va Braziliyada kasallanganlar keskin ko‘paydi

Ikki hafta ichida koronavirusdan kasallanganlar soni bo‘yicha birinchi beshtalikdagi davlatlar orasidan dastlab Germaniya, so‘ngra Fransiya chiqib ketdi. Ularning o‘rnini Britaniya va Rossiya egalladi.

1-o‘rinda hamon AQSh turibdi, bu yerda kasallanganlar soni 1,3 mlndan oshib ketdi va deyarli dunyodagi barcha kasallanishlarning uchdan bir qismi to‘g‘ri kelmoqda. Har 100 ming amerikalikka 373 nafar kasallangan to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatda har kuni ko‘plab kasallanish holatlari qayd etilmoqda – o‘rtacha 27 ming. Bu dunyo bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Kasallanish holatlari soni bo‘yicha 2-o‘rinda Ispaniya turibdi, bu yerda 260 mingdan ko‘proq kishida koronavirus tasdiqlangan. Biroq mamlakatda yangi kasallanish holatlari avvalgidek ko‘p emas va kuniga 2-3 mingdan oshmayapti.

3-o‘rinda Italiya bo‘lib, bu yerda 217 mingdan ko‘proq kasallanish holati qayd etilgan. Mamlakatda har kuni taxminan ming kishi koronavirusga chalinmoqda.

Keyingi o‘rinni Britaniya egallamoqda. Birlashgan Qirollikda kasallanganlar soni 211 mingdan oshib ketdi, bu esa bir hafta oldingidan 20 foiz ko‘proq demakdir. Bu yerda har kuni o‘rtacha 5 mingta yangi kasallanish holati qayd etilmoqda.

5-o‘ringa Rossiya ko‘tarildi – 187 mingtadan ko‘proq qasallanish holati. Mamlakatda har kuni o‘rtacha 10,5 ming kishi koronavirusga chalinmoqda. 

Shuningdek, Braziliyada kasallanganlar soni keskin ko‘payib ketgan – 141 mingdan ko‘proq. Mamlakat bu ko‘rsatkich bo‘yicha 8-o‘rinda turibdi. Bir hafta ichida kasallanganlar soni 47 foizga oshgan. 

O‘lim holatlari tobora kamaymoqda

Uzoq vaqtdan beri ilk bor koronavirusdan o‘lim holatlari soni oz bo‘lsa-da, kamaygani qayd qilindi. Joriy haftada bu ko‘rsatkich bir hafta avvalgiga nisbatan 0,09 foizga kamayib, 7,3 foizni tashkil qilgan. Shu tariqa dunyoda koronavirusga uchragan har 14 kishi vafot etgan.

O‘limlar soni bo‘yicha AQSh 1-o‘rinda turibdi. Mamlakatda koronavirus qurbonlari 77 mingdan oshib ketdi (bir hafta ichida 15 mingga ko‘paygan). O‘lim darajasi nisbatan yuqori emas – 6 foiz.

Bu borada 3-o‘rindan 2-o‘ringa Britaniya ko‘tarilib, mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar 31 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda (bir hafta ichida 3,8 ming o‘lim). Qirollikda koronavirusdan o‘lim darajasi 15 foizgacha yetdi.

Keyingi o‘rinni Italiya egallab, bu mamlakatda koronavirusdan 30 mingdan ko‘proq kishi vafot etgan. Bemorlar orasida o‘lim darajasi 13,8 foizni tashkil qilmoqda.  

Koronavirusga chalinish holatlari ko‘p bo‘lgan mamlakatlardan Belgiyada o‘lim darajasi eng yuqori bo‘lib, 16,3 foizni tashkil qilmoqda. Shuningdek, Fransiya (15,2 foiz) va Niderlandiyada (12,6 foiz) ham o‘lim darajasi yuqori. Bu borada eng past ko‘rsatkich Rossiyada (0,92 foiz), Turkiyada (2,7 foiz) va Germaniyada (3,9 foiz) qayd qilingan. 

Germaniya sog‘ayganlar bo‘yicha yetakchi

O‘tgan hafta dunyo bo‘yicha koronavirusdan sog‘ayganlar soni 1 mlnga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 1,4 mlnga yaqinlashib qoldi. Shu tariqa, har uchinchi bemor sog‘ayib ketgan.

Bu borada kasallanish holatlari ko‘p bo‘lgan davlatlar orasida yetakchi Germaniya hisoblanib, mamlakatda koronavirusga chalinganlarning 83,6 foizi sog‘ayib ketgan. Keyingi o‘rinlarni Eron (80 foiz) va Turkiya (62 foiz) egallamoqda.

AQShda hozircha kasallanganlardan 16,8 foizi sog‘ayib ketgan. Ispaniyada bu ko‘rsatkich 63,8 foizni (o‘tgan haftaga nisbatan 6 foizlik o‘sish), Italiyada 44,6 foizni (8 foizlik o‘sish) tashkil qilmoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top