14:00 / 09.05.2020
7018

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ: Tinchlik yo‘lidagi jasorat unutilmaydi

Insoniyat o‘zining uzoq davrlik tarixi mobaynida ko‘plab urushlarni boshdan kechirdi. Bu qirg‘inbarotlarda qancha davlatlar halokat girdobiga tushdi, millionlab odamlar qurbon bo‘ldi, behisob yo‘qotishlar va vayronagarchiliklarga yuz tutdi. Buni hozirgi avlod unutmasligi, bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetishi kerak. Ma'lumki, O‘zbekiston istiqlolning ilk kunlaridanoq ichki va tashqi siyosatda sobitlik bilan tinchlikni saqlash va barqarorlikni ta'minlashni bosh maqsad qilib oldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugungi kunda yuritilayotgan siyosat ham ana shu ezgu g‘oyalarga yo‘g‘rilgan.

9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Boshqaruvi raisi tashabbusi bilan Jamiyatning barcha tarkibiy korxonalari tomonidan Ikkinchi jahon urushi hamda soha faxriylari, xalqlarning tinchligi, millatlar totuvligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasi yodga olinib, uzoq yillardan buyon energetika sohasida xizmat qilib kelayotgan baynalminal jangchilarga esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari topshirildi.

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari» AJ

Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa unutilmaydi. Xalqimiz bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan insonlar, soha faxriylari xotirasini dilida abadiy saqlaydi.

«Andijon HETK» AJ rahbari Axadjon Jo‘rayevning ta'kidlashicha, viloyat energetika  rivoji, soha ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan insonlar xotirasini alohida hurmat va ehtirom bilan yodga olish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Shunday insonlardan biri korxonaning birinchi direktori, bor kuch-g‘ayratini soha rivojiga bag‘ishlagan inson Anvarjon aka Nabiyevni alohida yodga olish o‘rinlidir. Anvarjon akaning bevosita rahbarligida hudud iqtisodiyot tarmoqlari va aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirishga xizmat qiluvchi 220 kV kuchlanishli «Yulduz», Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lgan 500 kV kuchlanishli «Lochin», 220 kV kuchlanishli «Hakan» va «Fozilmon» nimstansiyalari hamda yuzlab kilometr uzunlikdagi turli kuchlanishdagi elektr uzatish tarmoqlari qurib, ishga tushirildi.

Shunday ustozlarimiz boshlagan ezgu ishlarni davom ettirish, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan nuroniylarimizni hurmat-izzat qilish, bir piyola choy ustida suhbat qurish, ularni o‘z yutuqlarimiz va rejalarimiz bilan tanishtirish, holidan muntazam xabar olib turish bizning ham shogirdlik, ham insoniy burchimizdir.

Fursatdan foydalanib, jamoa nomidan viloyatimizning barcha faxriylarini ushbu kutlug‘ sana bilan chin yurakdan muborakbod etib, ularga sihat-salomatlik, xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik, dasturxonlariga fayzu baraka tilab qolamiz.

«Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ

Bugungi tinch va xotirjam kunlarga munosib hissa qo‘shgan nuroniylarimizni e'zozlash, ularning mashaqqat va sinovlarga to‘la hayot yo‘llaridan ibrat olish, hurmat ko‘rsatish va qadrlash insoniy burchimizdir. Darhaqiqat, yurtimizda Xotira va qadrlash kunini nishonlash, mash'um jangda halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish, ayni paytda ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e'tiborini yuksaltirish, yoshlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni rag‘batlantirishga alohida e'tibor qaratilgan.

«Navoiy HETK» aksiyadorlik jamiyatida ham ayni paytda 8 nafar jangchi-faxriylar (baynalminalchilar) mehnat qilishmoqda. Ular bayram munosabati bilan rag‘batlantirilar ekanlar, duoga qo‘l ochib bugungi fayzli va barakali kunlar uchun shukrona aytdilar. Bu kabi sa'y-harakatlar, eng avvalo, yoshlarimiz ongida tinchlikning qadriga yetish, ularda Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini mustahkamlash, keksalarga hurmat va ehtiromda bo‘lish singari fazilatlarni singdirishda muhim omildir.

«Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ

Bugungi kunda «Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyatida 11 nafar jangchi-faxriylar (baynalminalchilar) mehnat qilishmoqda. Ular bayram munosabati bilan qizg‘in muborakbod etilib, korxona tomonidan rag‘batlantirildi. Vatanini himoya qilishda jonini fido qilgan, xalq orzu qilgan erkinlik uchun kurashgan milliy qahramonlarimiz xotirasi abadiy saqlanishiga qo‘shatgan hissalari, qolaversa soha faxriylari hamda baynalminalchilarga bildirilayotgan ehtirom uchun barchaga rahmat aytdilar.

«Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ

Hozirgi kunda «Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyatida 21 nafar jangchi-faxriylar (baynalminalchi) hamkasblariga o‘rnak bo‘lib mehnat qilmoqda.

– Har bir fuqaroning o‘z Vataniga xizmat qilishi – bu eng oliy baxt, deb o‘ylayman, – deydi Yuqori Chirchiq tuman elektr ta'minoti korxonasi YuKTX katta ustasi boshlig‘i, baynalminalchi faxriy Yashnar aka Ermatov. – Korxonamiz rahbariyati tomonidan 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan men kabi faxriylarga e'zoz va hurmat ko‘rsatilib, rag‘batlantirildik. Buning uchun mutasaddilarga minnatdorligimni izhor qilmoqchiman.

 

«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ

Afg‘on urushidan tirik qaytganlar bugun oramizda ko‘p emas. Ular tinchlik ne'matini qadrlaydigan insonlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yurtimizda Afg‘on urushi ishtirokchilari, nogironlariga alohida hurmat va e'tibor ko‘rsatiladi. 

– 20 yildan buyon energetika sohasida ishlab kelaman, – deydi Toshloq tuman elektr ta'minoti korxonasi huquqshunosi, baynalminal jangchi Orifjon Jalolov. – Shu yillar davomida ko‘plab hamkabslarimiz bilan aholi xonadonlariga yorug‘lik nurini olib kirmoqdamiz. To‘g‘risi, bizga ko‘rsatilayotgan bu kabi g‘amxo‘rlikdan boshim osmonga yetdi. Nasib qilsa, yana uzoq yillar davomida xalqimizga beminnat xizmat qilishga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Sohamiz rivoji uchun bor imkoniyatizmizdan foydalangan holda mehnat qilamiz.

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ

Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, hozirda davlat va xalqimiz ardog‘ida bo‘lgan vatandoshlarimiz orasida Urganch shahrida istiqomat qiluvchi Jobbargan ota Qalandarov ham bor.

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ jamoasi bayram oldidan u kishining xonadoniga tashrif buyurdi. Bir piyola choy ustida otaxon urush zahmatlari, qanchadan-qancha o‘zbek o‘g‘lonlarining ushbu janglarda halok bo‘lganlarini alam bilan yodga olib, hozirgi dorilomon kunlarning qadriga yetish kerakligini ta'kidladi.

– Bugun yurtimizda aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar, maishiy qulayliklar u vaqtlarda orzu edi, – deydi Jobbargan ota. Bugungiday suv jo‘mrakdan oqib turishi, elektr energiyasi, qulay maishiy texniklar qayoqda edi deysiz. Elektr energiyasi o‘rniga moy chiroqlaridan, shag‘amlardan foydalanardik. Xuddi bugungiday eslayman, xonadonlarimizga elektr kelganini bayram qilib nishonlaganmiz. Shuning uchun ham bugun ortiqcha isrofgarchilikni ko‘rsam, xafa bo‘lib ketaman.

Jobbargan ota bilan muloqotni davom ettirar ekanmiz, hozirgi dorilomon kunlarga yetish ko‘pchilik urush qahramonlariga nasib qilmagani, Vatanimiz tinchligi uchun aziz jonlarini fido qilgan yurtdoshlarimizni xalqimiz hech qachon unutmasligini bildirdik.

Bu kabi tadbirlar «Sirdaryo HETK», «Samarqand HETK», «Buxoro HETK» va boshqa aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ham o‘tkazildi.

Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin, aziz Vatandoshlar!

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Top