01:13 / 09.05.2020
25622

Olmaota xalqaro aeroporti 415 mln dollarga sotildi

Turkiyaning TAV Airports Holding xoldingi Olmaota xalqaro aeroportining 100 foiz aksiyasini sotib oldi. Bitim qiymati 415 mln dollarni tashkil qilgan.

Foto: baigenews.kz

Bu haqda turk xoldingi matbuot xizmatiga tayanib Tengrinews.kz nashri xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, aksiyalar barcha yuridik jarayonlar yakunlangandan keyin yangi egasiga topshiriladi.

“Qozog‘iston mintaqada ham geografik, ham iqtisodiy jihatdan eng yirik davlat hisoblanadi. Olmaota esa mamlakatning eng yirik shahri bo‘lib, unga mamlakat yalpi ichki mahsulotining 20 foizi to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, u Xitoy, Yevropa va Afrikani bog‘lovchi “zamonaviy Ipak yo‘li”ning markazidir. Unda yaxshi salohiyat bor va biz o‘z bilimlarimizga tayanib, uni to‘liq hajmda amalga oshirish ustida ishlaymiz”, deb aytgan xolding prezidenti va bosh direktori Sani Shanar.

Ochiq manbalarga ko‘ra, Olmaota aeroportining 100 foiz aksiyasi Venus Airport Investment B.V. kompaniyasiga tegishli.

Avvalroq aeroport turk kompaniyasiga sotilishi mumkinligini ma’lum qilingan. Shuningdek, aeroport terminalini kengaytirish uchun 270 mlrd tenge sarflanishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, TAV Airports Holding xoldingi 1997 yilda Tepe va Akfen kompaniyalar guruhi tomonidan tashkil etilgan. Asosiy faoliyati Istanbuldagi Otaturk nomidagi aeroport, Anqaradagi Esenbog‘a aeroporti va Turkiyaning yana bir qancha aeroportlaridagi xalqaro terminallarni boshqarish hisoblanadi.  

Kompaniya, shuningdek, Tbilisi va Batumidagi, Tunisdagi Xabib Burgib nomidagi, Saudiya Arabistonidagi Madina va Xorvatiyadagi Zagreb aeroportlarini boshqaradi. Kompaniya 2018 yilda 152 mln yo‘lovchiga va 1 mlntaga yaqin reysga xizmat ko‘rsatgan.  

 

Top