10:41 / 09.05.2020
97266

Omondara suv omboridagi uch yillik yoriq: quruq yozishmalardan charchagan 20 ming kishi xavf ostida

Ba'zan qaysidir noxush holat sabab o‘sha tizimdagi kamchiliklarni ilg‘ay boshlaymiz. Xususan, «Sardoba» suv omborida kuzatilgan fojia umuman bizning jamiyat uchun yangi mavzu bo‘ldi.

Ammo ushbu reportaj «Sardoba» haqida emas. Samarqand viloyatining Qashqadaryo bilan chegaradosh Nurobod tumanidagi Omondara past bosimli suv to‘g‘oni to‘g‘risida. Ushbu suv omborning bunyod bo‘lishi bilan tengdosh «dardi» — girdob (voronka) haqida...

Tahririyatga Jom hududida joylashgan mazkur suv to‘g‘oni nazoratchisi Sanjar Rahimov murojaat qildi.

Uning aytishicha, 2016 yil yozida foydalanishga topshirilgan ushbu inshootning tez orada nuqsonlari ko‘rinib qoladi. Bir yil o‘tmay, to‘g‘onda girdob hosil bo‘la boshlaydi. Natijada 375 ming metr kub suv to‘planishi kerak bo‘lgan omborda buncha suvni ushlab turish xavfli bo‘lib qoladi. Qizig‘i — bu kamchilik va xavf yillar davomida loyihachi, quruvchi, sohaning viloyat, respublika darajasidagi mas'ullariga xabar qilib kelinayotgan bo‘lsa-da, masalaga negadir panja orasidan qarab kelinmoqda.

Omondara suv to‘g‘onida bo‘lganimizda, nazoratchi Nurali Safarov navbatchilik qilayotgan ekan. U hudud ob-havosi nihoyatda tushunarsiz va injiq ekanligini aytdi. To‘g‘on sel yo‘lida bo‘lib, bahor va kuz oylarida istalgan daqiqada katta miqdorda suv kelish xavfi bor, dedi u.

Nazoratchi favqulodda holatlar kuzatilsa, «Avvalo, rahbarlarimizga xabar qilaman», dedi. Taassufki, bu hududda qariyb to‘rt soat turgan bo‘lsak-da, uyali telefondan foydalana olmadik. Aloqa yo‘q. Nurali aka zarurat bo‘lganda, tog‘ning tepasiga chiqib yoki aholi yashash punktiga tushib, telefonidan foydalanar ekan. Suv ombor xodimlari uchun qurilgan shiyponda maxsus telefon apparati mavjud emas.

Eshturdi Rahimov ushbu suv ombor qurilishida bosh-qosh bo‘lgan, masalaning «issiq-sovug‘i»dan xabardor inson. Sohaga mas'ul bo‘lgan respublika darajasidagi rahbarlarni taniydi. Qog‘oz-qalam, surat ko‘tarib kirib borgan, bahslashgan, haqligini isbotlagan.

O‘z navbatida yuqoridan kelib o‘rganishgan, o‘rganishgan va yana o‘rganishgan... Otaxon to‘g‘on bilan bog‘liq har bir jarayonni qog‘ozga tushirib kelmoqda. Savol tug‘iladi: E.Rahimovning qo‘lidagi qog‘ozlarda suv ombori bilan bog‘liq muammo barcha mas'ullarga ma'lum bo‘lsa-da, arqon nega bunchalik uzun tashlab qo‘yilmoqda?

Faxriy agronom shu kecha kunduzi qishloq qabristonining ma'lum qismini sel olganini ma'lum qildi. Bunga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik.

Tashvishlari ortiqcha vahima emasligiga ishonchli dalil keltirdi.

«2018 yilning 15 mayidan 16 mayiga o‘tar kechasi Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallalarini sel oldi. Jami 62 xonadon jabrlandi. O‘shanda ham davlat bir necha milliardlab zarar ko‘rdi. Odamlar halovatini yo‘qotdi. Bizga shu kerakmi?», dedi u.

Agronom haq. Xalqimiz sinovlardan shundoq ham bukilib qoldi...

Eshturdi akaning qo‘lidagi hujjatlarni batafsil o‘qish mutaxassislarga havola. Ammo bu hujjatlar ichida ayrim tashkilotlaro yozishmalarni ko‘rib kulmaysiz, yig‘laysiz.

Masalan, 2019 yil 25 mart kuni Samarqand viloyat suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i A.Suyunovdan Suv xo‘jaligi vaziri Sh.R.Hamrayevga xat chiqqan. Omondara suv omborining quyi qismidan suv sizib chiqayotgani, bugungi kunda yaroqsiz holatga kelib qolgani va muammoni bartaraf etish uchun vazirlikdan malakali mutaxassislar ajratilishi so‘ralgan.

Shundan so‘ng Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari R.Mamutov imzosi bilan «Davsuvxo‘jaliknazorat» davlat inspeksiyasi, Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, «Samarqandsuvqurilishinvest» davlat unitar korxonasi (suv omborni qurgan korxona) hamda Samarqand viloyat suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi (e'tibor qiling, vazirlikka shu tashkilot yordam so‘rab xat yozgandi)ga xat chiqadi. Maqsad — 2019 yilning 19 apreliga qadar vazirlik elektron pochtasiga Omondara suv omboridagi muammoni bartaraf etish va jo‘yali taklif tashlab berish so‘ralgan.

Buni qarangki, hududda 20 mingdan ortiq aholi yashaydi! Yozishmalar tugashi, qog‘ozlar semirib boraverishini to‘g‘on ham, xalq ham kutib turadi, deb o‘ylashadi shekilli...

Biz vaziyatni o‘rganayotgan paytimizda viloyat qurilish nazorat inspeksiyasi inspektori O.Yarmatov suv ombor loyihachisi bilan birga keldi. Ularning qo‘lida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari A.Shukurov imzosi qo‘yilgan chora-tadbirlar rejasi bor ekan. Maqsad, mazkur suv omborni avariya holatiga kelishining oldini olish, buyurtmachi, pudratchi hamda loyihachi tashkilotlarga aniqlangan kamchiliklarni ma'lum qilish.

Ahamiyat bering, suv omborda allaqachon avariya holati mavjud va bu muammoni uch yildan beri mas'ullar bartaraf etolgan emas! Umid qilamiz, bu safar boshqacha bo‘lar...

Chunki...

Ushbu suv ombordan samarali foydalanilsa avvalo, aholi xavfsiz bo‘ladi. Qolaversa, Jomda istiqomat qilayotgan 20 ming kishi yanada yaxshi yashay boshlaydi. Bu 350 gektar yerlarni sug‘orish imkoniyati paydo bo‘ladi, degani! Afsuski, ayni vaqtda suv ombordagi yoriq sababli suv oqizib yuborilyapti. Yil davomida, me'yor bilan foydalanishning imkoniyati bo‘lmayapti.

Xulosa

Eshturdi aka kabi insonlarning xurjunida tashkilotlardan boradigan xatlar, qog‘ozlarga joy qolmadi. Tabiat esa unchalik ham sabrli emasligiga shu kunlarda ko‘p bor guvoh bo‘ldik...

Kun.uz vaziyatni kuzatadi.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Faxriddin Hotamov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top