12:57 / 09.05.2020
64056
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinalarni chetdan olib kirishda boj to‘lovini bekor qilish taklif etilmoqda

UzAuto Motors AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomashinalarni chetdan olib kirishda boj to‘lovlarini bekor qilish taklif etilmoqda.

Foto: drive2.ru

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomashinalarni chetdan olib kirishda boj to‘lovlarini bekor qilish haqida petitsiya e'lon qilindi.

“O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan yengil avtotransportlar eksport qilingandan so‘ng o‘sha avtomobillarni yurtimizga qayta olib kirishda boj to‘lovlarini bekor qilish maqsadga muvofiq. Xorijda ishlab chiqarilgan (inomarkalar) avtomobillarga boj to‘lovlari o‘zgarmasdan qolaversin”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Qayd etilishicha, tashqi bozor narxida O‘zbekiston avtomobillarini sotib olish pul aylanmasini bir necha marotaba oshiradi. Xalq arzon narxlarda avtomobillarga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, milliy mahsulotni xarid qilish ko‘rsatkichi ham ortadi.

“Yuqorida keltirilganlarni hisobga olgan holda, UzAuto Motors AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomashinalarni chetdan olib kirishda boj to‘lovlari bekor qilinishini taklif qilamiz”, - deya yakunlangan petitsiya.

Top