09:30 / 09.05.2020
10258
Sirdaryoda 10 mingdan ortiq maktab o‘quvchisi evakuatsiya qilingan. Ular hozir qanday ta'lim olyapti?

1 may kunu Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 14ta mahalladan jami 10 140 nafar maktab o‘quvchisi evakuatsiya qilingan. Hozir ularning 5 889 nafari o‘z uylariga qaytgan. Toshqin oqibatida 1 643 nafar o‘quvchining darsliklari yaroqsiz holga kelgan.

Foto: Yangiyer shahar hokimligi matbuot xizmati

«Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat natijasida minglab oilalar boshpanasiz qolishi bilan birga, karantin tufayli uyda ta'lim olayotgan maktab o‘quvchilari ham ta'limdan uzilib qoldi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Anvar Umarov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘quv mashg‘ulotlaridan uzilib qolgan o‘quvchilar, suv ostida qolgan maktab binolari va bolalarni masofaviy ta'limga jalb qilish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Qancha o‘quvchi evakuatsiya qilingandi?

– Xalq ta'limi vazirligida mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, toshqinning birinchi kuni, ya'ni 1 may kuni Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 14 ta mahalladan jami 10 140 nafar maktab o‘quvchisi evakuatsiya qilingan.

3 kundan so‘ng suv toshqini yetib bormagan va xavf bartaraf qilingan hududlardagi aholi o‘z xonadoniga qaytarilgani sababli 5 889 nafar o‘quvchi o‘z uylariga qaytib borishdi. Hozir ularning aksarida onlayn ta'limni davom ettirish imkoni bor.

Hali uylariga qaytmagan o‘quvchilar

– Ayni paytda toshqindan uy-joylari talafot ko‘rgan yoki xavf mavjud  oilalarning 4 251 nafar o‘quvchi farzandi 23ta ijtimoiy soha obektlarida va yaqin qarindoshlarinikida vaqtinchalik yashashmoqda.

O‘quvchilar yashayotgan 23ta obektning har birida o‘rtacha 3tadan alohida sinf xonalari tashkil qilinib, bolalarning onlayn dars jarayonlarini kuzatib borishlari uchun televizor o‘rnatilgan.

Qarindoshlarining xonadonlarida yashayotgan o‘quvchilar bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlik qilinmoqda.

Shuningdek, o‘quvchilar bilimini mustahkamlash maqsadida ularga turli darsliklar va o‘quv qurollari yetkazib berilgan. Bundan tashqari, hududlardagi maktab o‘qituvchilari televizion dars jarayonlarini kuzatishda o‘quvchilarga yordam berish uchun biriktirilgan.

Bolalar uchun psixolog yordami yo‘lga qo‘yildi

– Evakuatsiya qilingan o‘quvchilarga bo‘sh vaqtida «Yosh kitobxon», «Tasviriy san'at» kabi turli to‘garaklarga qatnashish imkoni yaratildi. O‘quvchilar, ularning ota-onalari uchun maktab kutubxonalari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi ham tanlovlar, tadbirlar, sport o‘yinlari va viktorinalar bilan bolalarning vaqtini mazmunli o‘tkazishga yordam bermoqda.

O‘quvchilarning ruhiy holatini o‘rganish va ularga psixologik yordam berish uchun amaliyotchi psixologlar ham biriktirilgan. Psixologlar o‘quvchilar o‘rtasida psixologik treninglar, davra suhbatlari, so‘rovnomalar o‘tkazmoqda.

Toshqinda yaroqsiz ahvolga kelgan maktab darsliklari haqida 

– Xalq ta'limi vazirligi tahliliga ko‘ra, 6ta umumta'lim maktabi joylashgan aholi punkti to‘liq suv ostida qolgan, aksariyat xonadonlar buzilib ketgan, shuning uchun o‘sha hududlarda istiqomat qiluvchi 1 643 nafar o‘quvchining darsliklari suvga oqqan yoki yaroqsiz holga kelgan.

Tuman va shaharlar kesimida tahlil qilinsa, Sardoba tumanidagi 20-maktabda 304 nafar, 22-maktabda 306 nafar, Mirzaobod tumani 17-maktabda 357 nafar, 28-maktabda 349 nafar, Oqoltin tumanidagi 13-maktabda 205 nafar, 14-maktabda 122 nafar o‘quvchining tabiiy ofat natijasida darsliklari yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan.

Vaziyatni o‘nglash uchun evakuatsiya qilingan maktablardagi darsliklar zaxirasi hisobidan 216 nafar o‘quvchi ehtiyoji qoplangan, lekin 1 427 nafar o‘quvchilar uchun o‘quv darsliklariga ehtiyoj mavjud.

Toshqinda qolgan maktab darsliklari uchun jarima qo‘llanilmaydi

– O‘quv yili yakunida darsliklari suv toshqinida qolgan o‘quvchilar kitoblari yo‘qolgani uchun jarimaga tortilmaydi. Buning uchun tegishli dalolatnomalar tuziladi va darsliklar maktab hisobidan chiqariladi.

Yaroqsiz holga kelgan darsliklarning o‘rnini qoplash maqsadida sinflar kesimida ro‘yxat shakllantirilib, vazirlikka buyurtmalar ham berilgan.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top