18:53 / 09.05.2020
15901
Toshkentda «Shon-Sharaf» muzeyi ochildi

Urush. Dunyoni taqsimlab olish, unga hokim bo‘lish uchun olib borilgan dahshatli urush. Ikkinchi jahon urushi. Ushbu dahshatli tarix sahifasi yopilganiga bu yil 75 yil bo‘ldi. 9 may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan yangi tarixning bu sahifasida qilingan ulkan xatolar yana bir bor yodga olinadi.

Million-million yostig‘i qurigan insonlar taqdiri eslanadi. Bu taqdirlar orasida 1 mlndan ortiq frontga borgan o‘zbekistonliklarning achchiq qismati, ularning ortida turgan yaqinlari, qarindoshlari taqdiri, front ortida bo‘lganlarning ham beminnat xizmati yotadi.

Eng yangi tariximizda Ikkinchi jahon urushi, unda O‘zbekiston ishtirokini unutishga urinishlar bo‘ldi. Vaholanki, tarix sahifalarini xolis o‘rganish, undagi xatolardan saboq chiqarishgina kelgusida shunday mash'um xatolarga yo‘l qo‘ymaslikning asosiy omili hisoblanadi.

Ma'lumki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Olmazor tumanida tarixiy faktni tiklash maqsadida G‘alaba bog‘ini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edi. Uning tarkibida”Shon-Sharaf” muzeyi ham barpo etildi. Kun.uz muxbiri ushbu muzeyda bo‘lib, eksponatlar bilan tanishdi. Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining bebaho tarixiy ashyolarini muzeyga taqdim etgan ayrim vatandoshlar bilan suhbatlashdi.

Ravshana Isoqova  Reyxstagga G‘alaba bayrog‘ini tikish shturmi ishtirokchisi Karimjon Isoqovning qizi

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda G‘alaba bog‘i hamda uning tarkibida “Shon-Sharaf” muzeyini tashkil etish tashabbusini eshitgan onlarda bu yangilikni his-hayajon bilan qabul qildik.

Ikkinchi jahon urushi faxriysi, Reyxstagga G‘alaba bayrog‘ini o‘rnatish amaliyoti ishtirokchisining farzandlari, ko‘zlarimizda yosh bilan to‘planib, shu vaqtgacha uyda saqlab kelgan bebaho tarixiy ashyolarni ushbu muzeyga topshirishga qaror qildik.

Otamizga tegishli ashyolarni muzeyga taqdim etarkanmiz, bu narsalar kelgusi avlodga, farzandlarimizga qolishini tushunib yetdik. Ular tinchlik qanday baho evaziga erishilganini unutmasliklari kerak.

Ta'kidlash lozim, O‘zbekistonda ilk bor zamonaviy usullardan foydalanilgan holda eksponatlarga boy muassasa tashkil etildi. Ikkinchi Jahon urushida ishtirok etgan o‘zbekistonliklarning farzandlari tomonidan ushbu muzeyga turli ashyolar taqdim etildi. Suhbatdoshlarimiz bizlarga otalari hikoya qilib bergan ayrim tarixiy faktlarni ham so‘zlab berishdi.

 Qobil Hasanov    Ikkinchi Jahon urushi faxriysi Adham Hasanov o‘g‘li

“Adamlarning bir hikoyalarini aytib beraman. U kishining “Za Otvagu” – “Jasorati uchun” nomli ordenlari bor.

1945 yili Chexoslovakiyada postda turgan ekanlar. Adamlar tankka qarshi pushkada postda turgan. Ertalab nahorda bo‘lgan voqea bu. So‘zlab berishlaricha, kutilmaganda tank ovozi eshitilgan. Durbinda qarasa, dushman tanki. Sheriklarni uyg‘otishga vaqt yo‘q. Pushkaga snaryadni joylab, o‘zlari navodchik (yo‘naltiruvchi) bo‘lganlari uchun tankni nishonga olganlar. Dushman tanklarining birinchini aniq urgan. Buni ko‘rib turgan qo‘mondon adamni olqishlab, ushbu ordenni berish kerakligini aytgan”, - deydi Qobil Hasanov.

 “Mening xotiramda muhrlanib qolgan xotiralar haqida so‘zlaydigan bo‘lsam, biz katta bo‘lib qolganimizda otam ko‘rsatgan Gala firmasining soatlari bo‘lgan. Bu soatni unga Gimmlerning uyida taqdim etishgan. Bu soatlar Reyxstagda saqlangan.

Ularni Qizil Maydonga birinchi bo‘lib qadam bosgan askarlarga taqdim etishni rejalashtirishgan. Ammo, voqealar rivoji teskari natija bergan. Shundan so‘ng, bu soatlarni Reyxstagga birinchi kirgan askarlarga berishga qaror qilingan. Otam uni uzoq vaqt uyda saqladi, ammo keyinchalik, uni Moskva shahridagi Qurolli kuchlar muzeyiga topshirdi”, - Ravshana Isoqova.

 

Top