09:39 / 10.05.2020
19533
Olimlar Marsdan Yerga yangi viruslar olib kirilishi mumkinligidan ogohlantirishdi

Mutaxassislar kelajakda fazogirlar Marsga parvozdan keyin karantindan o‘tishlari kerakligini aytishmoqda. Ularning fikricha, yo‘qsa Qizil sayyoradan Yerga yangi viruslar olib kirilishi mumkin.

Foto: NASA/JPL/University of Arizona

Stenford universiteti professori Skott Xabbardning ta'kidlashicha, Marsdagi tuproq jinslari bilan birga Yerga yangi viruslar olib kirilishi mumkin.

Uning aytishicha, boshqa sayyoradan Yerga viruslar tuproq, fazoviy kemalar hamda fazogirlarning o‘zlari bilan tushishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muayyan yo‘riqnomalar ishlab chiqilishi lozim.

“Barcha tizimlar kimyoviy tozalash va issiqlik bilan sterillashdan o‘tishi kerak. Namunalar saqlangan probirkalarga xuddi ularda Ebola virusi bordek ishlov berilishi lozim”, deb aytgan olim.

  

Xabbardning ta'kidlashicha, Marsdan qaytgan fazogirlar Oyga ilk qadam qo‘ygan fazogirlar kabi karantindan o‘tishlari lozim.

Shu bilan birga olim Qizil sayyora sirtidan olingan jinslar bilan birga sayyoramizga viruslar olib kirilishi ehtimoli ozligini ta'kidlab o‘tgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, NASA taxminan 2035 yilda Marsga fazogirlar yuborishni rejalashtirmoqda. 

Top