09:46 / 11.05.2020
5739

Moskva oblastidagi qariyalar xospisida chiqqan yong‘inda 10 kishi halok bo‘ldi

Moskva oblastining Krasnogorsk shahrida joylashgan qariyalar xospisida yong‘in yuz berishi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi.

Foto: 50.mchs.gov.ru

Voqea 11 may kuniga o‘tar kechasi  yuz bergan. Bu haqda Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligining Moskva oblasti boshqarmasida ma'lum qilingan. 

Yong‘in haqidagi ma'lumot o‘t o‘chirish xizmatiga 10 may soat 23:59da kelib tushgan. O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga 12 daqiqadan keyin yetib kelishgan. Yong‘in 6 qavatli binoning 2-qavatida joylashgan trenajyor zalidagi dush xonasida boshlangan. Soat 01:09ga kelib yong‘in to‘liq o‘chirilgan.

Fojia oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan. 20dan ko‘proq odam yonayotgan binoni mustaqil tark eta olgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, voqea vaqtida binoda hammasi bo‘lib 37 kishi bo‘lgan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, qurbonlarning barchasi “Ikkinchi uy” deb nomlangan xospisda yashagan bo‘lib, ular yong‘in vaqtida ajralgan is gazidan zaharlanishgan.

“RIA Novosti” axborot agentligining xabar berishicha, xospis ishlash uchun hujjatlarga ega bo‘lmagan. Ta'kidlanishicha, hujjatlarga ko‘ra bino oddiy turarjoy binosi sifatida qayd qilingan bo‘lgan. Xospisda hujjatga ega bo‘lmagan boshpanasizlar qabul qilingan.

Avvalroq, 9 may kuni Moskvada koronavirusga chalinganlar davolangan S.I.Spasokukotskiy nomidagi shifoxonada kuchli yong‘in chiqqani ma'lum qilingandi. Shifoxona xodimlari o‘t o‘chiruvchilar bilan birga umumiy hisobda 295 bemorni qo‘shni binoga evakuatsiya qilishgan. 

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘inga 95 yoshli bemor ayolga ulangan o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmasining yonib ketishi sabab bo‘lgan. Voqea oqibatida bemor ayol halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid
Top