13:12 / 11.05.2020
3936
Norboyeva: «Hukumat pandemiya sabab ishsiz qolgan fuqarolarni ish bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratishi muhim»

Yalpi majlis kun tartibidagi navbatdagi masala 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2020 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti ko‘rib chiqildi.

Foto: senat.uz

Umumiy qiymati 18,2 trln. so‘m va 10,3 mlrd. AQSh dollariga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan Davlat dasturi ijrosini ta'minlash va doimiy monitoring qilib borish yuzasidan Hukumatda yaxlit tizim yaratilgan.

Pandemiya davrida respublikada makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida Moliya vazirligi huzurida 10 trln. so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilib, qator amaliy chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Dasturga muvofiq joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilishi belgilangan 15 ta banddan 3 tasining bajarish muddati uzaytirilgan.

Senat raisi Tanzila Norboyeva mazkur masala yuzasidan munosabat bildirib, bu boradagi qilinishi zarur bo‘lgan ishlarni sanab o‘tdi. Xususan, Hukumatdan joriy yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash parametrlari loyihasida pandemiya sababli chet eldan respublikaga qaytgan va ishsiz qolgan boshqa toifadagi fuqarolarni ish bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratish muhimligini ta'kidladi. Dasturga muvofiq yil davomida bajarilishi belgilangan 62 ta vazifaning ijrosi bo‘yicha ma'lumot kiritib borilishi borasida so‘z yuritdi.

“Ko‘rinib turibdiki, davlat dasturidagi har bir topshiriq g‘oyat muhim. Ularning joylardagi ijrosini senatorlarimiz ham nazorat qilishi, mahalliy kengashlarda muhokama qilishi va kerak bo‘lsa, Senat muhokamasiga kiritib borish lozim. Bunda parlament so‘rovi va senator so‘rovi institutlaridan ham samarali foydalanish zarur. Shuni ham alohida ta'kidlash joizki, davlat dasturidagi topshiriqlarni surunkali ravishda o‘z vaqtida bajarmaydigan vazirlik va idoralar rahbarlarining lavozimga loyiq yoki loyiq emasligi masalasini hukumat oldiga qo‘yishimizga to‘g‘ri keladi”, - dedi Tanzila Norboyeva.

Top