18:30 / 11.05.2020
41128
Senat Sardoba masalasida hukumatdan hisob so‘raydimi? Tanzila Norboyeva izoh berdi

Senat raisi Tanzila Norboyeva yuqori palataning to‘rtinchi yalpi majlisida «Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat masalasida to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

«Senat hukumatdan bugungi majlisda Sardoba masalasida so‘rov qiladimi, deb so‘rashyapti. Bunga aytishim mumkinki, davlat rahbari bir necha marta e'lon qildilar, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, hozir tergov ishlari olib borilyapti. Bu masala davlat rahbarining shaxsiy nazoratida. Qayerda korrupsiya bo‘lgan bo‘lsa, qayerda qonun buzilishi bo‘lsa, hammasiga, albatta, chora ko‘riladi.

Muammolar hammasi o‘zimizniki, hal qilishda ham faqat o‘zimiz hal qilamiz. Shu paytda xalqning uyushganini, bir-birini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rdik, biz rahbarlar ham uyushib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, xalq muammolarini hal qilishda huquq-tartibot organlariga yordam berishimiz kerak.

Agar huquq-tartibot idoralarida ham muammolar bo‘lsa, ularda ham besh qo‘l baravar emas, buning ham choralarini birgalikda ko‘rishimiz kerak bo‘ladi», deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

Yalpi majlis davomida Tanzila Norboyeva tizimli muammolar prokuratura aralashuvidan keyingina hal bo‘lishini tanqid qildi.

«Tizimli muammolar juda ham ko‘p. Ko‘p masalalar prokuratura ishga aralashgandan keyingina hal bo‘lyapti. Misol uchun, voyaga yetmaganlar masalasida 14,5 mingdan ziyod mansabdor shaxs qonunni buzgan, 77ta jinoyat aniqlangan, 12 mingdan ziyod bolaning huquqlari tiklangan. Nega prokuratura ishga aralashgandan keyin bolalarning huquqlari tiklanishi kerak?

Shu yo‘nalishda ishlayotgan tizimlar – Xalq ta'limi, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari bor. Ularning faoliyatida katta muammolar mavjud.

Qo‘mitalar tizimdagi muammolarni prokuratura bilan birga tahlil qilib, qonunga o‘zgartirish kiritish kerakmi, ishni takomillashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etish kerakmi, hamkorlik masalasini kuchaytishi kerakmi – shu masalalarni ko‘rib chiqishlari kerak.

Tizimli muammolarni tomiri bilan hal etmas ekanmiz, har yili prokuratura hisobotini eshitganimizda shu muammolar yana qayd etilaveradi; shuncha chora ko‘rildi, degan hisobotni yana eshitaveramiz», dedi Tanzila Norboyeva.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top