17:41 / 11.05.2020
8061
Senatda bosh prokuror hisobot berdi

Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori prokuratura organlarining 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risida hisobot berdi.

Foto: senat.uz

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ko‘rsatmalari asosida prokuratura organlarini korrupsiyadan holi, chinakam xalq prokuraturasiga aylantirish, faoliyat samaradorligini tubdan oshirish borasida qator choralar ko‘rilgan. Avvalo, halol, sadoqatli va professional xodimlar korpusini shakllantirishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga tatbiq etish boshlangan.

Qonunlar ijrosi ustidan nazoratni ta'minlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni amalda bartaraf etishga ham alohida e'tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi hayotiy muhim masalalarga ustuvor ahamiyat berilib, 15 mingdan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanishi va muammolari bartaraf etilishi ta'minlangan.

Prokuratura organlarining faoliyati tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, 2019 yilda ta'lim sohasida tekshirilgan vazirlik va idoralarning 93 foizida 16,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlanib, bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 2,5 baravarga oshgan.

Shu bilan birga, qonunlar ijrosiga bevosita mas'ul idoralar tomonidan zimmalariga yuklatilgan vazifalarning to‘laqonli bajarilmasligi joylarda ko‘plab muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lganligi aniqlangan. Masalan, fuqarolarning uylari buzilishi munosabati bilan tegishli kompensatsiya pullarining o‘z vaqtida va to‘liq berilmasligi, daraxtlarning noqonuniy kesilishi aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lgan. Bu borada prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida jami 2,3 trln. so‘m zararlar undirilishiga erishilgan.

Biroq iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha tergov jarayonida jinoyatni fosh etish bilan birga, yetkazilgan zararni undirish, ya'ni o‘g‘irlangan moddiy boyliklarni topib, qonuniy egasiga qaytarishda kamchiliklar mavjud. Shu bois, senatorlar tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida belgilangan tadbirlarning bajarilishi, ayniqsa, qurilish ishlarining sifati va talablarga javob berishi bo‘yicha doimiy nazorat o‘rnatish zarurligi ko‘rsatildi.

Qurilish sohasida korrupsiyaga oid alomatlar oqibatida ro‘y berayotgan talafotlar, ularning sabablari va shart-sharoitlarni bartaraf etish masalalari keng muhokama qilindi. Prokuratura organlari bu masalalarda o‘z nazoratini yanada kuchaytirishi, ularga qonunlar bilan berilgan vakolatlardan keng foydalanishi zarurligi ta'kidlandi.

Shuningdek, majlisda prokuratura organlari mamlakatda qonun ustuvorligini ta'minlash va qonuniylikni mustahkamlash borasidagi faoliyat samaradorligini yanada oshirishi lozimligi ko‘rsatilib, tegishli vazifalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Top