14:57 / 11.05.2020
12875

Shahrisabz MIB bo‘limi rahbari ishdan bo‘shatildi. U xodimlarini uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Majburiy ijro byurosining Shahrisabz shahar bo‘limi o‘rinbosari Farhod Ahmedov bo‘lim xodimlariga nisbatan haqoratli so‘zlarni ishlatgani haqidagi audio yozuvlar tarqaldi. 

Mazkur holat bo‘yicha Bosh prokuratura xuzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan xizmat tekshiruv o‘tkazilgan. 

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, mazkur ovoz F.Ahmedovga tegishli ekanligi va audio joriy yilning fevral oyida xodimlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda yozib olingani aniqlangan.

Xizmat tekshiruv jarayonida F.Ahmedov o‘z xohishiga ko‘ra, taqdim etgan arizasiga asosan u shu yilning 8 may kuni egallab turgan lavozimidan ozod etilib, Byuro organlaridan bo‘shatildi.

«O‘z navbatida, soha xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, ularni ma'naviy-axloqiy, vatan va kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan profilaktika ishlariga e'tibor yanada kuchaytirildi. 2020 yilning o‘tgan davrida 134 nafar xodimga nisbatan 71ta xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, 38 nafar xodimning intizomiy javobgarligi hal qilingan bo‘lsa, shundan, 9 nafari Byuro organlaridan bo‘shatilgan, 7 nafari o‘z lavozimidan bo‘shatilgan», deyiladi byuro matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan axborotda.

Top