01:22 / 12.05.2020
33972
2019 yilda «korrupsiyaga moyil» deb topilgan 100 nafar prokuratura xodimi ishdan bo‘shatildi

2019 yil davomida prokuratura tizimida «korrupsiyaga moyilligi tufayli» 100 nafar xodim ishdan bo‘shatilgan. Ulardan 30 nafari – rahbar kadrlar bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Senat yalpi majlisida axborot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda prokuratura tizimida 100 nafar xodim, shu jumladan 30 nafar rahbar kadr «korrupsiyaga moyilligi sababli» ishdan bo‘shatilgan.

Bundan tashqari, o‘z xizmat vazifasini uddalay olmagan 282 nafar xodim, jumladan, 119 nafar rahbar lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, tizimdagi 15 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan.

«Sohadagi muhitni sog‘lomlashtirish, prokuraturani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish borasidagi ishlar joriy yilda ham davom ettiriladi», – dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror axborotiga ko‘ra, tizimdagi xodimlarning 45 foizini yoshlar tashkil etadi; ularga ish o‘rgatadigan murabbiylar yetishmagani uchun boy berilgan ustoz-shogird an'analarini tiklashga harakat qilinmoqda.

«O‘z xohishiga ko‘ra bo‘shagan 40ga yaqin xodimni ishga qaytarib, yetarli malakaga ega murabbiylar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu yo‘nalishda suyagi qotgan kadrlarni qaytardik.

Kadrlarni tanlash va tayinlashdagi markazlashgan, sub'yektiv yondashuvga qarshi choralar ko‘rildi. Har bir xodim salohiyati va malakasidan kelib chiqqan holda lavozimga tayinlanadi», – dedi u.

Yo‘ldoshevning qo‘shimcha qilishicha, prokuratura tizimi to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgan, «natijada faqatgina qog‘ozdan bir oyda qariyb 200 mln so‘m, bir yilda 3,5 mlrd so‘m mablag‘ tejalgan».

Top