09:34 / 12.05.2020
3166

Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi ochiqlandi

Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

“Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi e'lon qilindi.

Tegishli nizomga ko‘ra, aktuariy - maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda aktuariy malaka sertifikatini olgan va aktuar tashkilot shtatida turgan yoki aktuar tashkilot bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzgan jismoniy shaxs, aktuar tashkilot - aktuar xizmatlarini ko‘rsatuvchi va o‘z shtatida kamida bitta aktuariyga ega bo‘lgan yuridik shaxs.

Aktuariy malaka sertifikati da'vogar tomonidan malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan beriladi. Malaka imtihonini topshirishga Nizom bilan belgilangan malaka talablariga javob beradigan da'vogarlar qo‘yiladi.

Aktuariy malaka sertifikatini berish, amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish uchun, shuningdek uning dublikatini berish uchun da'vogar mazkur Nizomda belgilangan miqdorlarda yig‘im to‘laydi.

Ko‘rsatilgan mablag‘lar Agentlikning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va malaka imtihonlarini o‘tkazish, aktuariy malaka sertifikatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.

 Aktuariy malaka sertifikatini olish uchun da'vogar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

a) iqtisod yoki matematika ta'lim sohalarining oliy ta'lim yo‘nalishlari va ixtisosliklaridan biri bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarida olingan oliy ma'lumotga yoki xorijiy davlatlarning oliy ta'lim muassasalarida olingan hamda qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ma'lumotga ekvivalent deb tan olingan oliy ma'lumotga ega bo‘lish yoxud O‘zbekiston Respublikasida yoki xorijiy davlatlarda (qonun hujjatlariga muvofiq tan olishdan o‘tgan taqdirda) olingan fizika-matematika yoki iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy darajaga ega bo‘lish;

b) so‘nggi o‘n yil ichida kamida 5 yil sug‘urta, matematika, statistika, informatizatsiya sohalarida ish amaliyoti (shu jumladan o‘rindoshlik asosida) yoki shu sohalarda dars berish stajiga ega bo‘lish.

 Aktuariy malaka sertifikatini olishga da'vogar Agentlikka tegishli shaklga muvofiq malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda topshiradi:

shaklga muvofiq to‘ldirilgan anketa;

pasport nusxasi;

oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom yoxud fizika-matematika, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy daraja olganligi to‘g‘risidagi hujjat (nusxasi olinib, asli qaytariladi), yoxud oliy ma'lumot yoki ilmiy daraja to‘g‘risidagi xorijiy hujjatning ekvivalentligini tan olish to‘g‘risidagi vakolatli davlat organi guvohnomasi (nusxasi olinib, asli qaytariladi);

mehnat daftarchasining nusxasi (mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan ko‘chirma);

3 x 4 hajmdagi 2 dona fotosurat;

aktuariy malaka sertifikatini berish uchun tegishli yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi bank to‘lov hujjati nusxasi.

Ko‘rsatilgan hujjatlar bitta nusxadan taqdim qilinadi.

Agentlik ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 kunlik muddatda da'vogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda Agentlik da'vogarni 3 kunlik muddatda rad etish uchun asoslarni ko‘rsatgan holda qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi.

Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda Agentlik malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan da'vogarlarning ro‘yxatlarini imtihon komissiyasiga topshiradi.

Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan da'vogarlar malaka imtihonini o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida u o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qilinadi.

Agentlik da'vogar tomonidan tegishlicha rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim qilinishi, shuningdek, da'vogarning malaka talablariga muvofiq kelmasligi sababiga ko‘ra da'vogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etishga haqlidir.

Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilgan da'vogar, Agentlik tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyingina, ariza bilan qayta murojaat qilishi yoki qarordan norozi bo‘lgan taqdirda sudga murojaat qilishi mumkin.

Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilgandan so‘ng da'vogar bir yil ichida qayta murojaat etsa malaka sertifikatini rasmiylashtirish va berish uchun to‘lov qayta to‘lamaydi.

Top