10:25 / 12.05.2020
16019
«Buning oxiri voy bo‘lishi mumkin». Bosh sanitariya inspektori tana haroratini nomigagina o‘lchash va niqobni noto‘g‘ri taqish holatlari haqida gapirdi

Asosiy maqsad - tana harorati ko‘tarilganlarning sonini sanash emas, balki ularni kasallik manbai sifatida boshqalardan alohidalash, bir paytning o‘zida ko‘proq odamlar bilan muloqotda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik.

 AOKA shtabida Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.

Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus organizmga iyak va bo‘yin orqali yuqmaydi.

“Koronavirus organizmga burun, og‘iz va ko‘z shilliq pardasi orqali kiradi va rivojlanadi. Doka niqob bilan burunning, og‘izning, bir paytning o‘zida ikkalasining yopilmagani koronavirus qo‘zg‘atuvchisining organizmga kirishiga yo‘l ochib beradi. 

Agar siz doka niqobni to‘g‘ri taqib yurgan bo‘lsangiz, niqobni noto‘g‘ri taqib yurgan odamga albatta e'tiroz bildiring. Negaki, ushbu shaxs nafaqat o‘zining, balki, sizning salomatligingizga ham xavf soladi. Uning esa bunga haqqi yo‘q”, - deydi u.

Shu bilan birga, Nurmat Otabekov supermarket va bozorlarga kirish joyidagi termometrlar natijasining statistikasi olib borilayotgani haqidagi savolga javob qaytardi.

“Bunday ma'lumotlarni joylarda yig‘ish, jamlash, yuqori tashkilotlarga uzatish, tuman, shahar, viloyatlar va respublika darajasida shakllantirish hamda tahlil qilish juda mushkul jarayon. Harorati ko‘tarilgan shaxslarning nechtasi shifoxonaga borganligini surishtirish va aniqlashning imkoniyati ham yo‘q.

Asosiy maqsad — tana harorati ko‘tarilganlarning sonini sanash emas, balki ularni kasallik manbai sifatida boshqalardan alohidalash, bir paytning o‘zida ko‘proq odamlar bilan muloqotda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Afsuski, ayrim joylarda bu ishlar nomigagina qilinyapti, harorati past yoki baland ekanligiga qaralmayapti. Buning esa oxiri voy bo‘lishi mumkin. Koronavirusdan qutuldik, degan davlatlarda, kasallik epidemik avjining yangi to‘lqini paydo bo‘layotgani hammamizning ko‘zimizni ochishi kerak”, - dedi u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top