21:35 / 12.05.2020
28286
Koronavirus pandemiyasidan keyin insoniyatga yangi epidemiya xavf solishi mumkinligi aytildi

Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi sababli kiritilgan cheklovlar sil epidemiyasi boshlanishiga olib kelishi mumkin.

Foto: REUTERS/Eric Gaillard

Bu haqda Stop TB Partnership’ning (Silni to‘xtatamiz hamkorligi) yangi tadqiqotiga tayanib CNBC telekanali xabar berdi.  

Tashkilotning London imperiya kolleji olimlari, Avenir Health, Jon Xopkins universiteti va AQShning xalqaro rivojlanish agentligi ishtirokida tuzilgan ma'ruzasiga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurash ortida silni tashxislash va davolashga beparvo munosabatda bo‘lish sababli 2020 yildan 2025 yilgacha bu kasallik 6,3 mln kishini qamrab olishi mumkin. 

Shu bilan birga, ko‘rsatilgan davrda prognozlarga ko‘ra, ushbu kasallikdan o‘limlar soni 1,4 mln.tani tashkil qilishi mumkin.

“Sil – yuqumli kasallik bo‘lib, havo orqali o‘tadi. Shu sababli ushbu kasallik  aniqlanmay va davolanmay qolgan har bir bemor uni boshqalarga yuqtiradi”, deb ta'kidlab o‘tgan Stop TB Partnership direktori Luchika Ditiu.

Olimlar olib borgan tadqiqotga 3 oylik izolyatsiya va 10 oylik tiklanish davrini ko‘zda tutuvchi ssenariy asos qilib olingan. Tahlillar silga chalinish ko‘rsatkichlari eng yuqori bo‘lgan davlatlardan (Hindiston, Keniya va Ukraina) olingan ma'lumotlarga asoslangan va butun dunyoga tatbiq qilingan.  

Mutaxassislarning eslatib o‘tishicha, sil antibiotiklar yordamida davolanadi, biroq unga qarshi asosiy usul testlash hisoblanadi va bunda iloji boricha ko‘proq odamlarni qamrab olish lozim.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top