17:55 / 12.05.2020
7825
Odamlar koronavirusga vaksina paydo bo‘lganida ham sayohatga kamroq chiqishni rejalashtirmoqda

Respondentlar samolyotga chiqish, ko‘chada ovqatlanish, jamoat transportida yurish va kinoga borishni kamaytirishlarini aytishgan.

Foto: iStock

Kekst CNC konsalting kompaniyasi AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya va Yaponiya aholisi orasida so‘rov o‘tkazib, koronavirusga qarshi vaksina paydo bo‘lganidan so‘ng ularning hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘lishiga qiziqdi. So‘rovda qatnashgan har beshinchi kishi endi avvalgi hayotiga qaytmasligini aytgan, deb yozadi Axios nashri.  

Respondentlar samolyotga chiqish, ko‘chada ovqatlanish, jamoat transportida yurish va kinoga borishni kamaytirishlarini aytishgan. 

Inqiroz sababli ishini yo‘qotishdan eng ko‘p qo‘rqadiganlar AQShda, qo‘rqmaydiganlar esa Shvetsiyada ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Hukumatning pandemiya davridagi harakatlaridan eng kam qoniqayotganlar yaponlar bo‘ldi. Ular iqtisodiyotning inqirozga uchrashi va ishlaridan ayrilishlarini kutishmoqda (39 foiz).

Nemislarning 51 va britaniyaliklarning 65 foizi hukumat biznesni zarur darajada qo‘llab-quvvatlamoqda degan fikrda bo‘lsa, yaponlarning 13 foizigina ana shunday fikrda. Hukumat ko‘rayotgan choralardan amerikaliklarning 44, shvetsiyaliklarning 40 foizi qoniqish hosil qilmoqda.

Ishini yo‘qotganlar kamligi bo‘yicha Buyuk Britaniya (ishtirokchilarning 7 foizi), Germaniya (8 foiz) va AQSh (19 foiz) yetakchi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top