16:48 / 12.05.2020
23243
O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 2 mingdan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent va Surxondaryoda koronavirus bemorlarining navbatdagi guruhlari sog‘aygani, O‘zbekistonda shu vaqtgacha kasallikdan tuzalib chiqqanlar soni 210 nafarga yetgani to‘g‘risida xabar berdi.

Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 6 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 6 nafar, Surxondaryo viloyatida yana 2 nafar, jami 14 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan sog‘ayganlarning 5 nafari Toshkent shahridan, 1 nafari Andijon viloyatidan. Ulardan 4 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. 1 nafari Rossiyadan, yana 1 nafari Tojikistondan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Bemorlardan 5 nafari erkak, 1 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 72 yoshda bo‘lsa, eng yoshi 4 yoshda.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 5 nafari erkak, 1 nafari ayol bo‘lib, 1 nafari Rossiyadan, 3 nafari Qozog‘istondan, yana bir nafari esa Dubay-Toshkent charter reysi bilan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 1 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, ular Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahri, shuningdek, Tojikiston Respublikasidan 1 nafardan fuqaroni tashkil qiladi.. Ular orasida eng yoshi kattasi 47 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 26 yoshda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lumotiga ko‘ra, Toshkent shahrida shu paytga qadar sog‘ayganlar soni 628 nafar yetdi.

Surxondaryoda tuzalganlarning 2 nafari ham (49 yoshli erkak Jarqo‘rg‘on tumanidan, 33 yoshli erkak Angor tumanidan) ushbu viloyatdan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Viloyatda shu paytga qadar sog‘ayganlar soni 40 nafarga yetdi. Viloyatda yana 4 nafar bemor davolanishni davom ettirmoqda.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 2010 nafarni tashkil etmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top