09:41 / 12.05.2020
35075
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari bo‘yicha yangi hujjat loyihasi e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasida valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari tasdiqlanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasida valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari loyihasi e'lon qilindi.

Ichki valuta operatsiyalariga quyidagilar kiradi:

“Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasi birinchi qismining ikkinchi – beshinchi, yettinchi hamda to‘qqizinchi – o‘n to‘rtinchi xatboshlarida keltirilgan operatsiyalar;

qoidalarning 43-bandida belgilangan holatlarda naqd chet el valutasini qabul qilish;

ichki valuta bozorida chet el valutasini sotib olish va sotish operatsiyalari;

norezident yuridik shaxsning O‘zbekiston Respublikasidagi investitsion faoliyati natijasida olingan dividendlari, daromadlari va qonuniy yo‘l bilan topilgan boshqa mablag‘larini ushbu norezident tomonidan O‘zbekiston Respublikasida tashkil etilgan vakolatxona yoki doimiy muassasaga o‘tkazish operatsiyalari;

tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida norezidentlar tomonidan, shu jumladan birja brokerlari orqali mahsulot sotish va sotib olish bilan bog‘liq o‘tkazmalar;

uyushgan savdolarda norezidentlar tomonidan, shu jumladan birja brokerlari orqali aksiyalarni sotish va sotib olish bilan bog‘liq o‘tkazmalar;

xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalariga konsullik yig‘imlarini to‘lash;

sudlarning qarorlari asosida pul mablag‘larini to‘lash.

Ichki valuta operatsiyalari rezidentlar va norezidentlar tomonidan qonunchilikka muvofiq cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Rezidentlar va norezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi banklarida hisobvaraqlarni ochish “O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”da (ro‘yxat raqami 1948, 2009 yil 27 aprel) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Rezidentlar va norezidentlar O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi o‘z hisobvaraqlaridan mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasining boshqa banklarida ochilgan o‘z hisobvaraqlariga cheklovlarsiz o‘tkazishlari mumkin, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan ichki valuta bozorida sotib olingan mablag‘lar bundan mustasno.

Rezident yuridik shaxslarning shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarning chet el valutasidagi mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochilgan valuta hisobvaraqlarida saqlanadi va ular ushbu mablag‘lardan qonunchilikka muvofiq holda mustaqil ravishda foydalanadilar.

Xorijiy davlatlarda hisobvaraqlar ochgan rezident yuridik shaxslar tomonidan har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 25 sanasiga qadar davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi davlat soliq xizmatiga hamda asosiy hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga hisobvaraqlar ochilganligi (yopilganligi) to‘g‘risida va hisobvaraqlarning rekvizitlari o‘zgarganligi haqida, shuningdek ushbu hisobvaraqlardagi qoldiqlar va aylanmalar to‘g‘risida ma'lumotlar ilovada keltirilgan shaklga muvofiq taqdim etiladi.

Rezident yuridik shaxslarning va yakka tartibdagi tadbirkorlarning valuta hisobvaraqlariga quyidagi operatsiyalar bo‘yicha chet el valutasi kiritilishi mumkin:

ichki valuta operatsiyalari;

xalqaro (transchegaraviy) valuta operatsiyalari.

Ushbu hisobvaraqlardagi mablag‘lardan hisobvaraq egasining topshirig‘iga ko‘ra:

ichki valuta operatsiyalari uchun;

joriy xalqaro operatsiyalar uchun;

qonunchilikda belgilangan tartibda kapital harakati operatsiyalari uchun foydalanilishi mumkin.

Rezident jismoniy shaxslarning nomiga kelib tushayotgan valuta mablag‘lari ularning hisobvaraqlariga qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilingan holda cheklovlarsiz kiritiladi hamda ushbu mablag‘lardan mustaqil ravishda foydalaniladi.

Ichki valuta bozorida chet el valutasining sotib olinishi va sotilishi:

joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha cheklovlarsiz;

kapital harakati operatsiyalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari yoxud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.

Ichki valuta bozorida shuningdek quyidagi operatsiyalar amalga oshiriladi:

tijorat banklari tomonidan o‘z mijozlarining valuta mablag‘larini shartnoma (oferta bitimi) asosida sotib olish, shuningdek jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish;

tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida valuta mablag‘larini sotib olish;

tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida tovarlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisobiga norezidentlar tomonidan, shu jumladan birja brokerlari orqali valuta mablag‘larini sotib olish va sotish.

Tijorat banklari tomonidan chet el valutasini sotish va sotib olish operatsiyalari valuta pozitsiyasiga nisbatan o‘rnatilgan limitlar doirasida amalga oshiriladi.

Mijozlar chet el valutasini sotib olish yoki sotish uchun tijorat bankiga belgilangan shaklga asosan buyurtma taqdim etadilar. Buyurtma shakli tijorat bankining boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi va unda quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatilishi shart:

mijoz nomi;

valuta turi va summasi;

sotib olish yoki sotish kursi.

Chet el valutasini sotib olish uchun taqdim etiladigan buyurtmalarda qo‘shimcha ravishda quyidagi ma'lumotlar ham ko‘rsatiladi:

chet el valutasini sotib olish maqsadi;

valuta operatsiyalarini asoslovchi hujjatlar.

Mijozlar tomonidan chet el valutasini sotib olish yoki sotish uchun buyurtmalar tijorat banklariga masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali elektron ko‘rinishda ham taqdim qilinishi mumkin.

Buyurtmada qayd etilgan ma'lumotlarning haqqoniyligi yuzasidan javobgarlik mazkur buyurtmani taqdim etgan mijoz zimmasiga yuklatiladi.

Chet el valutasini sotib olish uchun taqdim etilgan buyurtmalarning qonunchilik talablariga muvofiqligi bo‘linma tomonidan hujjatlar qabul qilingan kun hisobga olinmagan holda bir bank ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

Chet el valutasini sotib olish yoki sotish uchun tomonlar kelishuviga ko‘ra bir martalik bosh shartnoma yoki har bir operatsiya bo‘yicha alohida shartnomalar rasmiylashtirilishi mumkin.

Tijorat banklari tomonidan ichki valuta bozorida sotib olingan chet el valutasini kirim qilish uchun mijoz nomiga maxsus hisobvaraqlar ochiladi.

Maxsus valuta hisobvarag‘iga ushbu hisobvaraqdan ilgari chiqarilgan va foydalanilmagan, shuningdek boshqa sabablarga ko‘ra qaytarilgan chet el valutasi ham kirim qilinadi.

Maxsus hisobvaraqdan quyidagilarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi:

naqd valuta olish, xizmat safari xarajatlarini to‘lash uchun olish bundan mustasno;

chet el valutasini xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning boshqa valuta hisobvaraqlariga o‘tkazish, shuningdek mablag‘larni depozitga joylashtirish va hisobvaraq qoldig‘iga foizlar hisoblash.

Bank mijozi tomonidan sotib olinib, mijozning maxsus valuta hisobvarag‘iga kiritilgan vaqtdan e'tiboran yetti bank ish kuni mobaynida foydalanilmagan valuta mablag‘lari, ushbu muddat tugagandan keyingi bank ish kunidan kechiktirilmagan holda tijorat banklariga qayta sotilishi shart.

Maxsus valuta hisobvarag‘idan ilgari chiqarilgan va foydalanilmagan, shuningdek boshqa sabablarga ko‘ra qaytarilgan chet el valutasi ham uch bank ish kuni mobaynida tijorat banklariga qayta sotilishi lozim.

Bunda chet el valutasining qayta sotilishi sotuv kunidagi valuta birjasi savdolarida o‘rnatilgan oxirgi kurs bo‘yicha aksepsiz ravishda amalga oshiriladi.

Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalari cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Tijorat banklari jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirishda Markaziy bankning Banklararo yagona elektron tizimidan foydalanadilar.

Mazkur tizimdan foydalanish uchun tijorat banklari valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshiruvchi chakana amaliyotlar kassalari, bank xizmatlari ofislari, banklarning tegishli tarkibiy bo‘limlari hamda valuta ayirboshlash shoxobchalarining joylashgan joyi (pochta manzili) ko‘rsatilgan holda Markaziy bankning tegishli hududiy Bosh boshqarmasiga ma'lumot taqdim etadi.

Chet el valutasini sotib olish va sotish kurslari tijorat banklari tomonidan chet el valutasiga bo‘lgan talab va taklifni hisobga olgan holda mustaqil ravishda belgilanadi va ushbu kurslarga tijorat banklari tomonidan operatsion kun davomida o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan barcha turdagi valuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshiriladi.

Tijorat banklari tomonidan shikastlanish belgilari mavjud muomalaga yaroqli banknotalar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish, shuningdek, muomalaga yaroqsiz banknotalarni inkassoga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi:

banknota enining (bo‘yining) to‘rtdan bir qismidan oshmagan yirtiqlarga ega bo‘lsa;

yopishtirib qo‘yilgan burchaklari yoki qismlari (1 sm2 dan oshmagan) bo‘lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo‘lsa.

Qoidalarning 34-bandida ko‘rsatilgan me'yorlardan ortiq bo‘lgan va quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqsiz hisoblanadi:

bo‘laklarga ajratilgan;

yongan yoki kuygan;

qasddan shikastlangan holda tasviri (surat, portret) o‘zgartirilgan, nominali o‘zgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan holatda bo‘lsa.

Tegishli xorijiy davlatning emitent banki tomonidan e'lon qilingan sanadan keyin muomaladan chiqarilgan hamda banknota tugatilganligi, soxtaligi yoki namunaviyligini tasdiqlovchi shtamplar mavjud bo‘lgan banknotalar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshirilmaydi.

Valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshiruvchi bank xodimlariga quyidagilar taqiqlanadi:

valuta ayirboshlash operatsiyalarini sirtdan amalga oshirish;

tegishli ma'lumotnoma bermasdan valuta ayirboshlash operatsiyalarini bajarish yoki valuta ayirboshlash operatsiyasini bajarmasdan tegishli ma'lumotnomalarni berish.

O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kassalariga AQSh dollari, ingliz funt sterlingi, Yevro, shveysariya franki, yapon iyenasi hamda tijorat banklarining ixtiyoriga ko‘ra boshqa chet el valutalari qabul qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd chet el valutasi tijorat banklari kassalariga quyidagi holatlarda qabul qilinishi mumkin:

  • konsullik xizmatlari uchun yig‘im;
  • xorijda o‘tkazilgan ko‘rgazma va yarmarkalarda sotilgan tovarlar uchun;
  • bojsiz savdo do‘konlaridagi hisob-kitoblar, shuningdek xalqaro tashishlarda transport vositalarining qatnov yo‘llarida yo‘lovchilarga tovarlarni realizatsiya qilish va xizmatlar ko‘rsatish chog‘idagi hisob-kitoblar bilan bog‘liq operatsiyalar uchun;
  • xorijiy xizmat safari xarajatlari uchun olingan bo‘naklarning qaytarilishida;
  • bank xizmatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq operatsiyalar uchun;
  • yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) mablag‘larni kiritish uchun;
  • xayriya faoliyati bilan bog‘liq operatsiyalar uchun;
  • eksport qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun;
  • norezident jismoniy shaxs tomonidan tashqi savdo shartnomasi bo‘yicha debitor qarzdorliklarni so‘ndirish uchun;
  • norezidentlarning vakolatxonalari nomiga xorijdan olib kelingan naqd chet el valutasi.
Top