18:10 / 12.05.2020
8728
O‘zbekistondagi turk jamoatchiligi «Sardoba» jabrlanuvchilari uchun 80 ming dollar o‘tkazib berdi

O‘zbekistonda yashayotgan turk diasporasi vakillari «Sardoba» falokati tufayli qiyin vaziyatda qolgan sirdaryoliklar uchun xayriya aksiyasi o‘tkazib, 686,5 mln so‘m va 10,3 ming dollar mablag‘ yig‘ishdi.

Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot maslahatchisi Dovud Gazi Benli bergan ma'lumotga ko‘ra, yig‘ilgan mablag‘ O‘zbekiston hukumati tomonidan Sardoba uchun ochilgan rasmiy hisobga o‘tkazilgan.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistondagi turklar va turk tadbirkorlari, O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlar uyushmasi (UTID) va Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida «Turkiyadan salomlar! Sardoba, biz birgamiz!» nomli jamg‘arma falokatning dastlabki kunidanoq tashkil qilingan edi.

«Aksiya davom etmoqda va kelgusida yig‘iladigan moddiy yordam takror e'lon qilinib, rasmiy hisob raqamiga o‘tkaziladi. O‘zbekistonda yashaydigan turklar har qanday vaziyatda har doim O‘zbekistonlik birodarlarimizga dalda bo‘lishda davom etadilar», – deydi Dovud Gazi Benli.

Eslatib o‘tamiz, Sardoba falokati jabrlanuvchilari uchun rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov 10 mln dollar ajratgan.

Qirg‘iziston ming tonna sement, yuz tonna guruch va 10 tonna o‘simlik yog‘idan iborat insonparvarlik yordami yubordi.

AQSh hukumati va USAID yuz ming dollar taqdim etishini ma'lum qilgan.

Xorijdagi o‘zbekistonliklar va boshqa mamlakatlar fuqarolari GoFundMe platformasi orqali hozirga qadar 19 ming dollarga yaqin mablag‘ yig‘ishdi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top