16:08 / 12.05.2020
31143

«Qozog‘iston umumiy reys taklif qildi, O‘zbekiston tomoni esa jim» – Maldiv orollarida qolgan o‘zbeklar

Kun.uz xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan onlayn intervyularini davom ettirmoqda. Navbatdagi suhbatimiz Maldiv orollarida qolib ketgan vatandoshlarimiz bilan bo‘lib o‘tdi.

Maldiv orollari deganda ko‘pchilik sayohat va dam olish kabi maqsadda boriladigan manzilni tasavvur qiladi. Biroq bizning vatandoshlarimiz Hind okeanidagi bu orollarga ishlash maqsadida borishgan.

Ayni paytda orolda 20ga yaqin vatandoshimiz charter reys tashkil qilinishini kutmoqda. Biz ularning 9 nafari bilan aloqaga chiqdik.

Ularning aytishlaricha, orolda oziq-ovqat zaxirasi cheklangan, shifokorlar juda kam, ma'muriyat tezroq u yerdan chiqib ketishni so‘ramoqda.

Muhammadsodiq Muhammadjonov:

– Men Andijon shahridanman , do‘stim esa toshkentlik. Biz o‘tgan yili dekabr oyida Maldiv orollariga turizm sohasida ishlash maqsadida kelgandik.

Mart oyida boshlangan pandemiya sababli ish faoliyatimiz to‘xtadi. Hozir esa jiddiy karantin cheklovlari ostida yashayapmiz. «Jiddiy» so‘zini orolga kirish va chiqish taqiqlangan, nazorat esa kuchliligi, ishlarimiz to‘xtagani bilan izohlash mumkin. Ishlamayotganimiz sababli moddiy jihatdan ham muammolarga duch kelyapmiz.

Maldivda bo‘lib turgan fuqarolarini turli davlatlar charter reyslar tashkillashtirib olib ketishmoqda.

Hozir orolda  O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari, shuningdek, hindistonliklar bor. Qozog‘iston ham fuqarolarini yaqin orada qaytarishni reja qilmoqda.

Bizdan ham qachon ketishimiz haqida har kuni so‘rashyapti. Ma'muriyat tezroq bizni aeroportga sog‘-omon yetkazib qo‘yish istagida.

Bundan tashqari, martdan beri Maldiv orollari yopiqligi sababli oziq-ovqat ta'minotida ham muammolar bor. Hozir orollarda tibbiy xizmat ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Har qanaqa jiddiy muammoga ham og‘riq qoldiruvchi va shunga o‘xshash dorilar berish imkoniyati bor xolos.

Muhammadsodiq Muhammadjonov va Otabek Haydaraliyev

Otabek Haydaraliyev:

– Biz Maldiv orollarida taxminan yarim yildan beri mehmonxona biznesi yo‘nalishida ishlaymiz. Mart oyidan boshlab, barcha turistlar orollarni tark etdi va karantin boshlandi. Men o‘zimiz duch kelayotgan asosiy muammolar haqida aytmoqchiman.

Birinchidan, orollarda tibbiy xizmat yo‘q. Agar kimningdir qo‘li sinsa, oshqozoni og‘rib qolsa yoki hatto virus aniqlansa ham yordam olish imkoni cheklangan. Bu yerda faqat bir nafar oilaviy poliklinika vrachi qolgan.

Ikkinchidan, orol yopiqligi tufayli oziq-ovqat muammosi ham yomonlashib bormoqda. Oziq-ovqat kelishi to‘xtagan, bizga esa orollarda qolgan mahsulotlarnigina berishmoqda.

Uchinchidan, kadrlar bo‘limi xodimlari doimiy ravishda xonamizga kirib, ketish vaqti bo‘lganini, vatanga qaytishga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerakligini yotig‘i bilan tushuntirishmoqda. Ular bizdan davlatimiz bilan tezroq bog‘lanishimizni so‘rashyapti. Qancha erta ketsak, shuncha yaxshi. Sababi oroldagi zaxiralar tugab bormoqda.

Biz hatto bu yerda qancha payt qolishga imkonimiz bo‘lishini ham bilmaymiz. Balki maksimum 2 haftaga imkonimiz bo‘lar. Keyin ahvol o‘ta og‘ir bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham yordamga muhtojmiz.

Halima Jabborova:

– Men Maldiv orollariga bir yil oldin mehmonxona yo‘nalishida ishlash uchun kelganman. Salkam 2 oydan beri uyga qaytish uchun reys tashkil qilinishini kutyapman.

Halima Jabborova

Mehmonxona menejyerlari har kuni bizdan qachon ketishimizni so‘ramoqda. Chunki orol karantinga butunlay yopilishi lozim. Shuning uchun orolda qolayotgan hamma o‘z davlatlariga jo‘natilishi kerak. Shuningdek, oziq-ovqat bilan ham muammolar bo‘lyapti.

Nozimaxon Asrorova:

– Men Maldiv orollaridagi boshqa hamyurtlarimizdan farqli ravishda orol poytaxti – Male shahrida turizm kompaniyasida ishlayman. Poytaxtda qolgan hududlarga qaraganda ko‘proq virus aniqlangani uchun bu yerda vaziyat boshqa joylarga solishtirganda og‘irroq.

Male shahri hududi 5 kilometr atrofida va bu yerda 200 mingga yaqin odam istiqomat qiladi. Shuning uchun shaharda ijtimoiy masofa saqlashning o‘zi muammo.

Shaharda karantin e'lon qilinishidan oldin kerakli narsalarni sotib olishga ulgurishimiz kerakligi, keyin tashqariga chiqish taqiqlanishi haqida ogohlantirish berildi.

Hozir tashqariga faqat onlayn tarzda ruxsat olib, so‘ng chiqish imkoniga egamiz. Oziq-ovqatga onlayn tarzda buyurtma beryapmiz. Internet to‘lovlari esa juda qimmat va bu to‘lovlar o‘z bo‘ynimizda.

Nozimaxon Asrorova

Hozirga qadar Filippin, Indoneziya, Misr kabi davlatlar o‘z fuqarolarini olib ketishdi. Biz ham uyga qaytishdan va karantinni uydagilar bilan o‘tkazishdan umidvormiz.

Hozirgi sharoitda turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar 4-5 oyga yopilgan. Men ishlaydigan kompaniya iyul oyidan ish boshlashni rejalashtirgan. Lekin shunday bo‘lsa-da, uyga qaytish va yaqinlarim yonida bo‘lishni xohlayman.

Hozir Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Maldiv orollaridagi fuqarolari uchun charter reys tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Biz ham imkon qadar O‘zbekiston hukumatidan Maldiv orollaridagi o‘zbeklar uchun charter reys tashkil qilishni so‘raymiz.

Vladimir Glushakov:

– Bu mening Maldivga ikkinchi marta kelishim. Hozirda oktyabrdan beri orol hududidaman va mehmonxona sohasida ishlayman. Men ishlaydigan kurort zonasi shahardan gidrosamolyot orqali borilganda taxminan 35 minutlik yo‘l hisoblanadi.

Bu yerda ham boshqalar qayd etganidek, jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda. Shahar bilan barcha aloqalar uzilgan.

Kurortga, odatda, kerakli narsalar yuk kemalari orqali keltiriladi. Lekin dizel ham tugab borayotgani tufayli tashkilot tejamkorlik usuliga o‘tmoqda. Bu tizimda faqatgina orolda hayotni saqlab qolish uchun muhim bo‘lgan narsalarga ruxsat beradi. Tashkilotchilar hatto elektr tokini ham o‘chirmoqchi.

Bundan tashqari, ijtimoiy muloqot yo‘q, men ham yolg‘iz qolganman: hech kimni ko‘rmayman va hech kim bilan gaplashish imkonim yo‘q.

Vladimir Glushakov

Yana bir muammo bu yerdagi tibbiy xizmat bilan bog‘liq. Bir yarim oy oldin sog‘lig‘imda muammo paydo bo‘lgandi. Hozir ham og‘riq sezyapman, lekin menda o‘zim turgan hududdan 50 daqiqa uzoqlikda joylashgan tibbiyot muassasasiga borishga imkon yo‘q.

Mart oyidan karantin rejimi o‘rnatilishi tufayli orollarga kirish va chiqish taqiqlangan. Karantin tartibi boshida turistlar o‘z uylariga qaytarildi. O‘sha muddatda kim imkonini qila olgan bo‘lsa, oroldan chiqib ketgan. Qolganlar esa turli charter reyslari bilan qaytishmoqda.

Hozir bu yerda o‘zbekistonliklardan boshqa yana ayrim davlat fuqarolari: Qozog‘iston, Qirg‘iziston va adashmasam Tojikiston fuqarolari qolgan.

Biz O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan mart oyi oxirlarida bog‘lanishga harakat qilib ko‘rdik. Lekin ulanish imkoni bo‘lmayapti. Men vazirlikka 3 kun oldin ham taxminan 6 marta telefon qilib ko‘rdim. Orollardagi vaqt bilan Toshkent vaqtida farq yo‘q. Qo‘ng‘iroq va xabarlarimizga vazirlikdan hech kim javob bermayapti.

Masalan, orollarda bo‘lib turgan taxminan 16 nafar hindistonliklar o‘z davlatidagi tegishli vazirlikka pasport ma'lumotlari va boshqa tegishli faktlarni yuborishgan. Eshitishimga qaraganda, Hindiston ham Maldivdan olib ketishi lozim bo‘lgan 19 fuqarosining ro‘yxatini shakllantirgan.

Shundan keyin men ham o‘zimizning uy manzilimiz, pasportga tegishli ma'lumotlar va telefon raqamlarini ko‘rsatgan holda ro‘yxat shakllantirib, Tashqi ishlar vazirligiga yubordim. Biroq yuborganimizdan so‘ng oradan 3 kun o‘tsa-da, hech qanaqa javob bo‘lmadi. Faqatgina elektron pochta orqali «Qabul qilinganini tasdiqlash» funksiyasi orqali ma'lumotlarni qayta yuborganimdan so‘ng xabarimiz olingani haqida ma'lum qilishdi.

Biroq bundan boshqa hech narsa bilolmayapmiz. Qo‘ng‘iroqlarimizga hech kim javob qaytarmayapti.

Maldivda 2013 yildan beri ishlaganim tufayli rossiyalik, ukrainalik va qozog‘istonliklar bilan tanishman. Ukraina fuqarolarini orollardan olib ketdi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston esa, eshitishim bo‘yicha, fuqarolarini kelishgan holda birga olib ketish va keyin ularni manzillariga tarqatishni reja qilmoqda ekan. Bu yerda taxminan 30 nafar qozog‘istonlik bor.

Yana eshitishimiz bo‘yicha, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bu reysda olib ketishi mo‘ljallangan. Chunki Maldivda har davlatning uncha ko‘p bo‘lmagan fuqarolari bor. Reys sanasini avval 11 may, keyinroq 14 may kuni degan taxminlarni eshitdik.

Aytishlaricha, Qozog‘iston elchixonasi bu bo‘yicha O‘zbekiston bilan bog‘lanmoqchi ekan.

Quvonchbek Usmonov:

– Aytib o‘tishganidek, qozog‘istonlik va qirg‘izistonlik tanishlarimizning aytishiga qaraganda, davlatlar birlashgan reys tashkil etishni reja qilgan, lekin odamlar kamligi yoki boshqa muammo tufayli reys amalga oshirilmayapti.

Bu vaziyatda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston bilan bog‘lanib, hamkorlik qilishi lozim bo‘lmoqda.

Quvonchbek Usmonov

Jobirxon Inamov:

– Qo‘shni davlatlik tanishlarimiz o‘z elchixonalariga o‘z vaziyatlari haqida murojaat yuborishgan va ularga vaqtida javob berishgan. Ular bizga javob sifatida yuborilgan ma'lumot va audiolarni ko‘rsatishdi.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston charter reys tashkil qilish masalasida kelishishgan va bu ikki davlat fuqarolari ko‘p bo‘lmagani uchun O‘zbekiston fuqarolarini ham olib ketish fikrini bildirgan. Hatto Qirg‘iziston elchisining O‘zbekiston elchixonasi bilan ham bu masalada bog‘lanishini rejalashtirayotgani haqida aytilgan javoblarni tanishlarimiz ko‘rsatishdi.

Jobirxon Inamov

Bizni qiziqtirayotgan tarafi – nega O‘zbekiston elchixonasi boshqalar bilan hamkorlik qilib, fuqarolarini qaytarishga harakat qilmayapti?

Ayni vaziyatda ishlayotgan kompaniyamiz umumiy tarzda tashkil qilinishi ehtimoli bor charter reysga pul to‘lab berishini aytmoqda. Shuning uchun biz Maldivda bo‘lib turgan 20ga yaqin o‘zbekistonliklar uchun alohida samolyot jo‘natilishini so‘rayotganimiz yo‘q. Bizni umumiy charter reys orqali Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston elchixonasi bilan gaplashib, shu davlatlardan biri orqali reys uyushtirilishini so‘raymiz. Yetib borganimizdan keyin esa faqatgina biror avtobus orqali davlatga qaytarishsa, juda minnatdor bo‘lardik.

Eng optimal variant biz uchun hozir shu tanlov bo‘lib qolmoqda. Hatto o‘zimiz ishlaydigan kompaniyamiz bilet pulini to‘lab berishni ham zimmasiga olgan.

Agar O‘zbekistonga qaytib borsak, bizga nisbatan «O‘sha orollarda qolaverishi kerak edi» qabilida munosabatda bo‘ladigan ham uchrashi mumkin. Lekin biz orolda bir yarim oydan beri karantindamiz: kirish-chiqish butunlay to‘xtagan va hududda kasallik yo‘q.

Biroq bu yerda bir yarim oydan beri oziq-ovqat tugab bormoqda, tibbiy xizmat yo‘q hududda qolish xavfli bo‘lib qolmoqda.

Husniddin Mahmudov:

– Deyarli 2 oydan beri hech qayerga chiqmasdan o‘tiribmiz. Kompaniyamiz charter reys uchun pul ajratish niyatida bo‘lib turganda men ham Qozog‘iston, Qirg‘iziston tomonidan tashkil qilinadigan umumiy reysda qaytishni eng yaxshi variant deb bilaman.

Husniddin Mahmudov

Azizbek Umataliyev:

– Men ham boshqalar fikrini ma'qullagan holda umumiy reys davlat tomonidan muhokama qilinishi va qo‘shni davlatlar bilan qaytish fikridaman. Faqat qo‘shni davlatlardan biriga qo‘ngandan so‘ng bizga qaytish uchun bitta avtobus ajratilsa, shuning o‘zi yetarli.

Azizbek Umataliyev

O‘zbekistondagi vaziyatdan to‘liq xabarimiz bor va davlatga moddiy jihatdan yuk bo‘lmoqchi emasmiz.

Faqatgina umumiy reysga rozilik berilsa yoki boshqa variantlar haqida o‘ylab ko‘rilsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki bizda maksimum 2-3 hafta vaqt qolgan. Orollardagi mavjud zaxira tugasa, keyin nima bo‘lishini tasavvur qila olmaymiz.

Jamshidxon Ziyoxonov suhbatlashdi.

Top