21:29 / 12.05.2020
40633
Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklar Vatanga qaytish uchun imkoniyat izlamoqda

Rossiyaning Samara viloyatida, Qozog‘iston chegarasidan bir necha 10 km masofada bo‘lib turgan taxminan 800 nafar O‘zbekiston fuqarosi prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiya politsiyasi ularni Stavropol tumani, Mastryukovo raz'yezdida (murojaatchilar tilida Mashtrikovo) ushlab turibdi. Ya'ni hududni tark etishga ruxsat bermayapti.

Buning sababi sifatida Qozog‘iston tomoni o‘zbekistonliklarni qabul qilmayotgani aytilmoqda.

Kun.uz muxbiri gaplashgan o‘zbekistonlik fuqaroning aytishicha, ular turgan joyda yashash imkoniyati yo‘q, yegulik va ichimlik suvi haddan ortiq qimmat. Arzonroq do‘konlardan borib mahsulot xarid qilish imkoni mavjud emas. Chunki politsiya hududni tark etganlarni karantin chorasini buzgan deb topib, 4 ming rubl jarimaga tortmoqda.

Videodan kadr 

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videomurojaatda aytilishicha, chegaraga yaqin hududda 200-300 atrofida yengil mashina to‘planib qolgan. Ularning har birida 4 kishidan bo‘lganda ham 800-1200 kishi saqlanmoqda.

Ular ortga qaytish chorasini ham qila olishmayapti, chunki aksariyati Moskvadan kelgan bo‘lib, shaharga qayta kiritilmasligi aniq. Tunab yoki yashab turishga esa boshqa joylari yo‘q.

Murojaatchilarga ko‘ra, ular chegara yopiqligini bilgan holda yo‘lga chiqishgan. Bunga, Moskva shahridagi vaziyat tobora yomonlashib borayotgani sabab bo‘lgan. Ular O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan amaliy yordam berishini so‘rar ekan, O‘zbekistonda tashkil etilgan karantin hududlarida 14 kun qolishga ham roziliklarini izhor qilishmoqda. Shu bilan birga, ularning ta'kidlashicha, ular yollagan transport vositalariga ruxsat berilishi bilan ortiqcha xarajatlarning oldi olingan bo‘lar edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top