14:10 / 12.05.2020
32769
Toshkentda «tajriba tariqasida» ochilgan restoran karantin qoidalarini buzgani uchun yopib qo‘yildi

Karantin davrida tajriba tariqasida ishga tushirilgan «Qanotchi» restorani yana yopildi.

So‘nggi kunlarda Toshkent shahridagi mashhur «Qanotchi» restorani ochilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar karantin vaqtida iste'molchilarni qabul qilishni boshlab yuborgan restoran haqida asosan salbiy fikrlar bildirishdi.

Ko‘p o‘tmay ayni masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi bayonot berib, Qanotchi qahvaxonasi karantin qoidalariga zid holda o‘zboshimchalik bilan harakat qilgani sabab yopib qo‘yilganini ma'lum qildi. 

«Yakkasaroy tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazining 2020 yil 9 maydagi bildirgi xatiga asosan, Toshkent shahri, Muqimiy va Qushbegi 1-tor ko‘chasi, 21-uyda joylashgan «GOURMET RESTAURANT» MChJga qarashli «QANOTCHI» qahvaxonasi karantin talablariga rioya etmasdan, o‘zboshimchalik bilan faoliyat yuritganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan zudlik bilan Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasining buyurtmasiga asosan tadbirkorlik sub'yektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Toshkent shahar vakilining 2020 yil 10 maydagi kelishuvi asosida tekshiruv amalga oshirildi.

Tekshiruv davomida koronavirus tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 maydagi 21-sonli yig‘ilish bayoniga zid ravishda koronavirus pandemiyasi davrida ruxsat berilmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlanib, ushbu korxonaning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Qahvaxona rahbari Agzamov Sardorxo‘ja Erkinovichga nisbatan MJtKning 54-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Yakkasaroy tuman Ma'muriy sudiga kiritilmoqda», deyiladi agentlik bayonotida.

Oldinroq qator organlar «Qanotchi» restorani «tajriba tariqasida» ochilgani haqida ma'lum qilgandi. Xususan, Toshkent shahar hokimiyatining bu boradagi bayonotida shaharda umumiy ovqatlanish muassasalari bosqichma-bosqich ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani aytilgan.

«Qanotchi» restorani tajriba tariqasida ochilgan. Bu poytaxtdagi inshootlarni bosqichma-bosqich ochishga tayyorlanish chora-tadbirlari doirasida amalga oshirilgan. Tajriba tugadi, bino yopilgan.

Toshkent shahar hokimiyati, shahar IIB va SEOM bilan birgalikda shahardagi umumiy ovqatlanish shoxobchalarini ochish rejasi ishlab chiqildi. Tajriba sifatida «Qanotchi» restorani tanlandi. Restoran o‘z hisobidan ovqatlanish zalini sanitariya qoidalariga mos tarzda jihozladi.

Restoranning odatiy tartibda ishga tushgani haqida ommaga taqdim qilingan ma'lumot yuzasidan esa, noto‘g‘ri axborot tarqatib, poytaxt aholisiga yanglish ma'lumot berganlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi», deyilgan poytaxt hokimligi bayonotida.

Restoran tajriba tariqasida ishlagani borasida Toshkent shahar IIB ham bayonot bergan.

«Qanotchi» restoranida umumiy ovqatlanish joylarining sanitariya-epidemiologiya me'yorlariga rioya qilgan holda ishlash imkoniyatini o‘rganish maqsadida sinov o‘tkazildi. SEX xizmatlari ishchilari bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan sinov haqida Toshkent shahar IIBB xabardor qilingan edi», deyiladi bayonotda.

Ma'lumot uchun, «Qanotchi» restorani go‘shtli taomlar tayyorlanishi bilan tanilgan. Uning bosh oshpazi taniqli qo‘shiqchi Jahongir Foziljonovning akasi Abdurahmon Foziljonov hisoblanadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top