23:21 / 12.05.2020
5516

Tramp Kaliforniya hukumatini AQShdagi yagona Tesla avtozavodini ochishga ruxsat berishga chaqirdi 

Avvalroq Ilon Mask taqiqlarga qaramasdan o‘z zavodini ishga tushirganini ma'lum qilgandi.

Foto: Spencer Platt / Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Kaliforniya shtati hukumatini AQShdagi yagona Tesla avtomobil zavodiga ishlashga rasman ruxsat berishga chaqirdi. U bu haqda o‘zining Twitter sahifasida yozdi.

«Kaliforniya Tesla va Ilon Maskka zavodni hozir ochishga ruxsat berishi kerak. Buni tez va xavfsiz amalga oshirish mumkin», — deb yozdi u.

Tramp ushbu tvitni Ilon Mask Alamida okrugi taqiqiga qaramasdan korxonasini ochgani to‘g‘risida ma'lum qilganidan bir necha soat o‘tib yozdi. 

«Tesla Alamida okrugi ko‘rsatmalariga zid ravishda bugun ishlab chiqarishni qayta boshlamoqda», deb yozgandi tadbirkor

Zavoddagi ish koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar sababli 23 martda to‘xtatilgan. Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom 7 may kuni shtatning ba'zi qismlaridagi korxonalarga 8 maydan ishni boshlashga ruxsat bergan. 

Biroq Frimont shahri joylashgan Alamida okrugi sanitariya xizmati Maskning zavodiga ishni boshlashni taqiqlagan. Shundan keyin tadbirkor kompaniya okrugga qarshi sudga arz qilishini va bosh qarorgohini Kaliforniyadan Texas va Nevadaga ko‘chirishini bildirgandi.Texasda Tesla kompaniyasining elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqaradigan korxonasi joylashgan.

Mavzuga oid
Top