00:48 / 12.05.2020
3359
Xitoylik shaxmatchilar onlayn tarzda o‘tgan Millatlar kubogida g‘olib bo‘lishdi

Xitoy terma jamoasi onlayn rejimida o‘tgan Millatlar kubogi musobaqasida g‘alaba qozondi. Superfinalda xitoylik shaxmatchilar AQSh terma jamoasini mag‘lub etishdi. 

Foto: Twitter /FIDE_chess

Finalda jamoalar 2:2 hisobida durang natija qayd qilishgan bo‘lsa-da, biroq aylanma usulda o‘tkazilgan musobaqada ko‘proq ochko to‘plagan Xitoy g‘olib deb topilgan.

Xitoy terma jamoasi uchun Din Lijen, Van Xao, Vey I, Yuy Yan'i, Xou Ifan va Tszyuy Venszyun, AQSh terma jamoasi uchun Xikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Lener Dominges Peres, Uesli So, Irina Krush va Anna Zatonskix ishtirok etgan.

Musobaqalarning 1-bosqichida Xitoy 17 ochko bilan yetakchilik qilgan. 2-o‘rinni AQSh (13 ochko), 3-o‘rinni Yevropa terma jamoasi (13 ochko), 4-o‘rinni Rossiya (8 ochko), 5-o‘rinni Hindiston (5 ochko) va 6-o‘rinni “qolgan dunyo” (4 ochko) egallagan.  

Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 180 ming dollarni tashkil qilgan. 

Avvalroq amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen o‘zi tashkil etgan va onlayn rejimida o‘tgan Magnus Carlsen Invitational superturniri g‘olibi bo‘lgani ma'lum qilingandi. Norvegiyalik sportchi finalda amerikalik Xikara Nakamurani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub eta olgan.

Top