14:00 / 13.05.2020
60384

Behzod Musayev bosh vazir o‘rinbosari bo‘lishi kutilmoqda

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Anvarovich Musayev bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

«Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirovning xabar qilishicha, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Behzod Musayev nomzodini ma'qullagan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov bu ma'lumotni tasdiqlagan.

U ayni paytda siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan hukumatdagi yangi tayinlovlar masalasi ko‘rib chiqilayotgani, ushbu nomzodlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ma'qullanishi kutilayotganini ma'lum qilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ham Kun.uz’ga berilgan ma'lumotda Behzod Musayev yuqori lavozimga ko‘tarilayotganini tasdiqlagan.

Behzod Musayev 2018 yilning mayida Botir Parpiyev o‘rniga DSQ raisi vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlagan, o‘sha yilning dekabrida ushbu lavozimga rasman tayinlangandi.

  • Qonunchilikka ko‘ra, parlament tomonidan ma'qullangan hukumat a'zosi nomzodi O‘zbekiston prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga 2018 yilning mayida Aziz Abduhakimov tayinlangan, 2019 yilning avgustidan u faqat ta'lim-tarbiya, turizm va sport masalalari bilan shug‘ullanishi ma'lum qilingan, 2020 yilning yanvarida esa Bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangandi.

Shu tariqa, bosh vazir o‘rinbosarlari soni 6 nafarga yetmoqda:

  • Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov;
  • Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri – Jamshid Anvarovich Qo‘chqorov;
  • Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi – Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov;
  • Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – O‘ktam Isoyevich Barnoyev;
  • Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy munosabatlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri – Sardor O‘ktamovich Umurzoqov;
  • Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Behzod Anvarovich Musayev.
Mavzuga oid
Top