15:36 / 13.05.2020
51106
Bemorlar soni ortayotgani karantin yumshatilishi bilan bog‘liq emas – Habibulla Oqilov

O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq yangi holatlar asosan karantinga olinganlar orasida aniqlanmoqda, deb ma'lum qildi SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Habibulla Oqilov.

Respublikada 1-9 may oralig‘ida kuniga o‘rtacha 34 kishida Covid-19 aniqlandi. Ammo oxirgi uch kunda koronavirus tashxisi qo‘yilganlar soni 60 nafardan kam bo‘lmayapti.

SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Habibulla Oqilovning so‘zlariga ko‘ra, yangi holatlar asosan karantinga olinganlar ichidan qayd etilmoqda.

Oqilov 13 may kungi brifingda yangi holatlar asosan quyidagi uch toifa fuqarolar bilan bog‘liq ekanini ma'lum qildi:

  • charter-reyslarda chet ellardan olib kelinayotgan vatandoshlar,
  • avtomobil yo‘llari orqali chegaradan o‘tib kelayotgan fuqarolar,
  • uzoq masofalarga qatnovchi, katta yuk tashuvchi transport vositalari haydovchilari («dalnoboyshchiklar»).

«Qolgan aholimiz orasida aniqlangan holatlar foizi kamroq va bu holat karantin choralari yumshatilishi bilan bog‘liq emas», – dedi SSV rasmiysi.

O‘zbekistonda SARS-CoV-2 virusini yuqtirib olganlarning jami soni 2568 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 80 foizi tuzaldi, 10 kishi vafot etdi.

Bugun, 13 may kuni soat 10:00 holatiga ko‘ra 21 kishida koronavirus aniqlangan. Vazirlik xabariga ko‘ra, ulardan 15 nafari – xorijdan kelib karantinga olinganlar, qolgan 6 nafari ham oldindan karantinda bo‘lgan fuqarolardir.

Eslatib o‘tamiz, 8-11 may kunlari Dubay, Minsk, Seul, Dehli va Frankfurt shaharlaridan charter reyslar orqali 1243 nafar fuqaro olib kelinib, karantinga joylashtirildi.

Bugundan boshlab 24 maygacha har kuni bittadan charter reys amalga oshiriladi, ularning barchasi Toshkentga qo‘nishi belgilangan. 12ta reysdan 7tasida Rossiyadagi o‘zbekistonliklar olib kelinadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top