19:19 / 13.05.2020
2358
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ: «Sardoba» toshqinida zarar ko‘rgan hududlar bosqichma-bosqich elektr ta'minotiga qayta ulanmoqda
Foto: «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

«Sardoba» suv omboridagi ayanchli voqealarga qariyb 14 kun bo‘ladi. Shu vaqt orasida sirdaryoliklarga talafot oqibatlarini bartaraf etish uchun yordamga yetib kelgan qator tashkilot va korxonalar ishchi-xodimlari tomonidan rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari uyushqoqlik bilan olib borilishi natijasida hudud infratuzilmasi asta-sekinlik bilan tiklanmoqda.  

Energetiklarimiz shijoati bu borada alohida tahsinga loyiq. Axir mahalliy iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy obektlar ishlashi, aholining avvalgi turmush tarziga qaytishi uchun elektr energiyasi ta'minoti juda muhimdir.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan olib borilgan tezkor choralar viloyatning toshqindan zarar ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi jiddiy zarar ko‘rgan mahallalarida elektr energiyasida vujudga kelgan uzilishlarni qisqa muddatlarda tiklashga imkon bermoqda.

Ayni paytda Farg‘ona, Namangan, Andijon va boshqa viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalari xodimlari bu boradagi ishlarga jalb etilgan.

Bu boradagi ishlar uchun 51 ta ta'mirlash brigadasidan 300 ga yaqin malakali soha xodimi, 32 ta maxsus va 60 ta xizmat avtomashinasi jalb qilinib, hozirgacha 2 ta nimstansiya, 86 ta transformator punkti va 262,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 4 ming 768 ta elektr ustuni o‘rnatish ishlari yakunlandi.

Bu kabi amaliy ishlar natijasida talafot ko‘rgan 12 ta aholi punktidan 10 tasi to‘liq barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlandi. Ayni paytda elektr tarmoqlarini tiklash va ta'mirlash ishlari davom etmoqda.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

 
Top