20:52 / 13.05.2020
5495
“Qanchalik himoyalansak ham, qo‘rquv bor”. Qozonda qolib ketgan talabalar O‘zbekistonga qaytish uchun ko‘mak so‘ramoqda

Tatariston Respublikasining Qozon Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti magistrantlari bo‘lgan bir guruh o‘zbekistonlik yoshlar pandemiya tufayli o‘qishlar onlayn rejimga o‘tkazilgani, imtihonlar yakunlangan bo‘lsa-da, aviaqatnovlar tiklanmayotgani uchun vatanga qayta olishmayotganini aytishmoqda.

Rahmiddin Sobirjonov:

– Biz Rossiyaning Qozon shahridagi Qozon Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti magistrantimiz. Toshkent kimyo-texnologiya universitetini bitirib, u yerdan shartnoma asosida bu yerga magistratura yo‘nalishini davom ettirish maqsadida yuborilganmiz. Murojaat qilayotganlarning barchasi shu yo‘nalish – institutlararo shartnoma asosida kelgan.  

Tataristonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 1700 nafardan oshgan bo‘lsa, Qozon shahrining o‘zida bugungi kunda 770 nafarni tashkil etmoqda. Bu raqam yanada o‘sishi ehtimoli juda katta, chunki ko‘chada odamlar karantin va o‘z-o‘zini izolyatsiyalash qoidalariga amal qilayotgani yo‘q. Shuningdek, ertadan boshlab karantin qoidalari yumshatilishi to‘g‘risida qaror chiqdi, istagan odam ko‘chaga chiqishi mumkin. Bu esa pandemiya juda avj olib borayotgan paytda kasallikning yanada tarqalishiga sabab bo‘lishi turgan gap.

Biz yotoqxonalar bo‘yicha taqsimlanganmiz. Bu yerdagi 3-yotoqxonada o‘zbekistonlik talabalar yashaydi. O‘sha yerda ham boshqa millat fuqarosida koronavirus aniqlangani uchun ayni paytda yotoqxona butunlay yopilgan.

Biz yashayotgan talabalar yotoqxonasida ham juda ko‘p millatlar yashaydi. Ularning hammasi ham qoidalarga rioya qilmaydi, ya'ni ko‘chaga chiqib yurgan, ishlayotganlar bor. Ular bilan har kuni aloqada bo‘lamiz. Chunki hamma narsamiz umumiy.

15 martdan boshlab o‘qishimiz onlayn shaklga o‘tkazilgan. Onlayn o‘qishni ham yakunlab, imtihonlarni topshirib bo‘ldik. Hozir faqat O‘zbekistonga charter reyslar qo‘yilishini kutmoqdamiz. Ahvolimiz juda ham yaxshi emas. Ota-onalarimiz ham bizga yordam bera olmaydi, ularning ham qo‘lidan hech narsa kelmayapti, bizdan xavotirda. Moliyaviy tomondan oladigan bo‘lsak, ilgari ko‘pchilik kechki payt 1-2 soat bo‘lsa ham ishlab, kunini ko‘rardi. Hozir buning ham iloji qolmagan va ahvolimiz juda yomonlashib qolgan.

Farhod Xalilov:

– Hozirgi kunga kelib imtihonlarimiz deyarli tamomlangan. Faqat kasbiy amaliyot va soha bo‘yicha kurs ishi bilan mashg‘ulmiz. Bizga onlayn tarzda material jo‘natishadi, shu bo‘yicha tayyorlanib, ularga onlayn tarzda jo‘natamiz. Yotoqxonadagi ahvolga keladigan bo‘lsak, pandemiyaning boshlang‘ich davrida Rossiyada o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish rejimiga o‘tgandan keyin yotoqxonada yashaydigan o‘z fuqarolariga xohishiga ko‘ra yotoqxonani tark etish tavsiya etildi. Bu ham majburiy emas. Qozon shahridan 200-300 km uzoqlikda joylashgan uylariga ketish maslahat berildi. Bu yerda hozir faqatgina Markaziy Osiyo mintaqasi fuqarolari qolgan. Bundan tashqari, Amerika va Vetnam fuqarolari ham bor. Hozirgi kunda deyarli ko‘chaga chiqmaymiz, faqatgina oziq-ovqat mahsulotlari uchun yoki eng zarur ishlar bilan chiqishimiz mumkin. Yotoqxonada boshqa millat vakillaridan ishlayotganlar ham bor. Ulardan qanchalik himoyalansak ham, qo‘rquv bor. Chunki yotoqxonada bir kishida virus bo‘lsa, hammaga tarqab ketadi. Oshxona, yuvinish xonalari va boshqa jihozlar barcha talabalar uchun bitta.  

Abdulahad Toshxo‘jayev:

– Qozon shahrida O‘zbekiston bilan solishtirganda intizom juda ham past. Odamlarda na niqob, na qo‘lqop bor.  

Menimcha, O‘zbekistonga qaytish uchun aviachipta hech kimda yo‘q ayni paytda. Biroq charter reys qo‘yilib qolsa, chipta olaman degan niyatda hamma yetarlicha pulini saqlab turibdi.

Tohirjon Teshaboyev:

– Biz Qozonga yilning boshida ozgina kechroq kelgandik. Yotoqxonaga kirishga ulgurmaganmiz. Shuning uchun ijaraga kvartira olishga majbur bo‘lganmiz. Kvartiraga har oy pul to‘lash kerak. Karantin boshlanishidan oldin o‘qishdan tashqari oz bo‘lsa ham ishlab turardik. Endi bunga imkoniyat qolmadi. Uydagilar yordam berishga harakat qilishyapti. Hozircha oziq-ovqat bor. Lekin ahvol kundan-kunga qiyinlashyapti. O‘qishlarimiz tugadi, keyingi haftada imtihonlar ham tugaydi. Iyun oyining boshida yozgi amaliyot boshlanishi kerak. Yozgi amaliyotimiz O‘zbekistonda bo‘ladi. Agar karantin davom etsa, charter reyslar kelmasa, biz yozgi amaliyotga ham bora olmay qolamiz.

Emil Osmanov:

– Bizda ham hammada bo‘lgani singari muammolar bor. Hammamiz bir universitetning talabalarimiz. Toshkent kimyo-texnologiyalar universitetida bakalavriatda birga o‘qiganmiz. Vaziyatimiz boshqalarniki singari. Ota-onam pensionerlar, otam 2-guruh nogironi. Oilada yagona o‘g‘ilman. Darslar onlayn shaklga o‘tgan. Barcha imtihonlar keyingi haftada tugaydi. Hozir uyga qaytishning hamma variantlarini ko‘rib chiqyapmiz. Ayolim hozir homilador, bir necha haftadan keyin tug‘ishi kerak. Uyga tezroq qaytishim kerak. Hamma aviakompaniyalar, temiryo‘l vokzallari, avtobuslarni surishtiryapman.

Azimjon Ahadullayev:

– O‘qishimiz tugadi. Imtihonlarni bir hafta oldin topshirib bo‘lganmiz. 25 maydan O‘zbekistonda, ishlab chiqarish zavodida amaliyotimiz boshlanishi kerak. Rossiyada bizni qabul qilishmaydi. Mablag‘larimiz borgan sari kamayib boryapti. Yaqin orada pulimiz tugab qoladi.

Muhiddin Xolov:

–Men avvalroq bakalavriatni bitirganman. Keyinroq bo‘lsa ham magistraturada o‘qish niyatim bor edi. O‘qishga kirdim. O‘qishning kechi bo‘lmaydi, degandek kelib o‘qib yuribman. Bir qizim, bir o‘g‘lim bor. Tezroq vatanga qaytib, farzandlarimni bag‘rimga bosish, ota-onam oldiga qaytish niyatim bor. Oldin bir-ikki so‘m ishlab kunimizni ko‘rardik, hozir umuman iloji yo‘q. Yotoqxonada yashaymiz. Bu yerda yuvinish xonalari umumiy. Virus yuqtirib olish ehtimoli katta. Hech kim koronavirusga chalingani yo‘q, chalinmasin ham. Tezroq charter reys qo‘yilib, vatanga qaytsak yaxshi bo‘lardi. 

Rahmiddin Sobirjonov:

– Hozirda Qozonda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar 3 mingdan ko‘proq. Ulardan o‘rtacha 70 foizi ketmoqchi desak ham, 2000 nafardan ko‘proq bo‘ladi. Bizning yotoqxonada ham 50ga yaqin talaba ketish istagida. Konsullikka murojaat qilganimizda doim ham ro‘yxatga yozib qo‘ymayapti. Yozib qo‘yish haqida so‘raydigan bo‘lsak, kutinglar, o‘ninchidan keyin murojaat qilinglar deb telefonni qo‘yib qo‘yishadi. Boshqalarni yozib qo‘yishyapti ekan, deganimizdan keyingina yozib qo‘yyapti. Unda ham yozganiga aniq ishonchimiz komil emas. Biron yangilik bo‘lganidan xabarimiz yo‘q. Bugun ham o‘zim 10 martacha telefon qilib ko‘rdim. Umuman bog‘lana olmadim. Ulardan biron ma'lumot ola bilmayapmiz. Bizing yotoqxonada turadigan talaba bir muddat avval shamollab qolganida poliklinikaga murojaat qilgan, unga qarashmagan. Yotoqxonaning o‘zining shifokori bor, yomon ahvolga tushsanggina yordam beramiz, hozir dorixonadan dori ol, deb qaytarib yuborishgan.

– O‘qish davri uchun sizlarda tibbiy sug‘urta bormi?

– Tibbiy sug‘urtamiz bor. Yil boshida majburiy qilingan. Hozirgi vaqtda ular faqatgina o‘z fuqarolariga yordam ko‘rsatishmoqda. Bizga ikkinchi-uchinchi darajada qarab, davolash uncha muhim emas, deb hisoblashmoqda.

Farhod Xalilov:

– Qozon shahridagi konsullik rahbari Fariddin Nasriyev degan kishi yotoqxonamizga bir marta keldilar. Kimda qanday kamchilik bor, kimga qanday yordam kerak, degan gaplar bo‘ldi. Bir martagina yordam berdilar. Lekin boquvchisini yo‘qotgan, otasi yoki onasi yo‘q talabalar ham bor. Boquvchisi yo‘q odamlarga ijtimoiy ko‘mak kerak, ular ham charter reysni kutib o‘tirishibdi.

O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi bosh konsuli Faxriddin Nasriyevning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, 17 may kuni Toshkent – Qozon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus (charter) reys qo‘yilgan.

“Tataristonning o‘zida 3800 nafar talaba bor. Qozondagi bosh konsulxonaga Volgabo‘yi federal okrugi ham qaraydi, u yerda 7000 nafardan ziyod talaba bor. Talabalar yotoqxona bilan ta'minlangan. Biz muzokaralar olib borganimizdan keyin ko‘p oliy ta'lim muassasalari pandemiya davrida talabalardan yotoqxona uchun pul olmaydigan bo‘lishdi. Bundan tashqari, ba'zi institutlarda yotoqxonada yashovchi talabalar uch mahal ovqat bilan ta'minlanmoqda, ba'zi institutlarda esa har hafta oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilmoqda.

Shu bilan birga, Qozondagi bosh konsulxona ham qiyin ahvolga tushib qolgan, haqiqatda yordamga muhtojlarga manzilli ravishda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib turibdi. Endi savol tug‘iladi: joysiz, ovqatsiz, pulsiz, ishsiz, og‘ir ahvolda qolgan fuqarolar charter reyslar orqali birinchi navbatda ketishi kerakmi? Yoki yashashga hozircha joyi bor, oziq-ovqati bor yoxud sharoiti yaxshiroq fuqarolar birinchi navbatda ketishi kerakmi?!”, deydi Fariddin Nasriyev.

Bosh konsulning ta'kidlashicha, ayni paytda pandemiya munosabati bilan konsulxonalar ishlamayapti, shu sababli konsulxonalarga borgan fuqarolar qabul qilinmayapti. Barcha yozishmalar, fuqarolarning murojaatlari elektron shaklda qabul qilinmoqda va ularga shu shaklda javob qaytarilmoqda. Shuningdek, odamlarni qiziqtirgan savollarga telefon orqali javob berilmoqda.

“Bizga charter reys so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning ro‘yxatini Tashqi ishlar vazirligiga kundalik ravishda yuborib turibmiz. Maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq charter reyslar qo‘yilgan taqdirda  birinchi navbatda bemor fuqarolar, yosh bolali va homilador ayollar hamda keksa yoshdagi fuqarolar, shuningdek bekor qilingan doimiy aviaqatnovlarga chipta xarid qilgan fuqarolar qo‘yiladi.

Talabalarning ishsiz qolib qiynalayotganiga kelsak, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, aslida talabalarning ishlashi mumkin emas. U bu davlatga talaba bo‘lib kelgan, agar uning yashirincha ishlayotganini bilib qolishsa, deportatsiya qilishadi. Buni O‘zbekistondan kelgan talabalar ham juda yaxshi bilishadi. O‘qish uchun kelib ishsiz qolganliklarini vaj qilib ko‘rsatishlari to‘g‘ri emas. Charter reyslar ko‘payishi bilan sekin-asta Tataristondagi hamma talabalar ham, qolaversa, bu yerda rasmiy-norasmiy ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ham uyga jo‘natiladi, hech kim qolib ketmaydi”, deydi O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi bosh konsuli.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top